Uchuvchi bo‘laman

uchuvchiEsimni taniganimdan uchuvchilik kasbini yaxshi ko‘raman. Chunki dadam Dilshod Zokirov ham mohir uchuvchi-da! Kichkinaligimda osmondagi samolyotni ko‘rib qolsam, ortidan: “Dada, dadajon, uyga qo‘nib o‘ting”, – deb baqirardim. O‘shanda dunyoda faqat bitta uchuvchi bor, u ham bo‘lsa mening dadam, deb o‘ylardim-da. Hozir uxlab yotganimda uyg‘otib: “Abduazim, katta bo‘lganingda kim bo‘lasan?” – deb so‘rasangiz ham: “Uchuvchi”, – deb javob beraman.
Men sevgan kasb judayam mas’uliyatli. Samolyot bortidagi yuzlab yo‘lovchilarning o‘z manzillariga eson-omon yetib olishlariga uchuvchilar javobgar. Shuning uchun bu kasb egalari aqlli, irodali, jasur va jismonan baquvvat bo‘lishlari shart.
Men hozirdan chet tillarini puxta o‘rganishga, matematika va geografiya fanlaridan yaxshi o‘qishga harakat qilaman. Mohir uchuvchi bo‘lishda bu fanlarning o‘rni katta. Yana rivojlangan mamlakatlarda malaka oshirish ham kerak. Masalan, mening dadam Angliyada o‘qiganlar.
O‘zim ham dadam boshqargan samolyotlarda Malayziya va Angliya kabi davlatlarga uchganman. O‘shanda biz o‘tirgan samolyotni dadam boshqarayotganidan judayam faxrlangandim. Chunki og‘irligi yuz tonnadan oshiq bo‘lgan bahaybat “po‘lat qush”ni osmonda uchirish hammaniyam qo‘lidan kelavermaydi.

Abduazim TO‘LQINOV,
Toshkent shahar 110-maktab 7-sinf o‘quvchisi

Bu qiziq!
Dunyodagi ilk uchuvchilar amerikalik aka-uka Raytlar bo‘lgan. Ular nafaqat ilk uchuvchi, balki samolyot ixtirochilari ham hisoblanishadi. Uilber va Orvill Raytlar 1903-yili insoniyat tarixida ilk marta samoga parvoz qilishadi.