To‘tilar qanday parvarishlanadi

 

to'tiTurli uy hayvonlarini parvarishlaydigan bolalar mehribon bo‘lib ulg‘a­yishadi. Bugun Toshkent shahridagi 280-maktab o‘quvchilari Amir Qayumov va Sherzod Musayevlar to‘tiqushlarni to‘g‘ri parvarishlash qoidalari haqida so‘zlab beri­shadi.

Qafasi

To‘tiqush qafasi ichida albatta qum bo‘lishi kerak. Chunki qum tarkibida ko‘plab foydali moddalar bor. Qum topishning iloji bo‘lmasa, qafas ichiga bir bo‘lak bo‘r yoki gilvata tashlab qo‘yish ham mumkin.

Qafas yorug‘ xonada, odam bo‘yi barobaridagi balandlikda turishi kerak. Uni oyna va isitish uskunalari yoniga qo‘yish mumkin emas. Yo‘qsa, to‘tilar yelvizak yoki o‘ta issiq havo tufayli kasal bo‘lib qolishadi. Yana qafasga don, suv va cho‘milish uchun alohida idishchalar qo‘yiladi.

 Bu qiziq!

 Yaxshi parvarishlansa, xonaki to‘tilar 10 – 15 yil yashashi mumkin.

  • To‘ti patlari yilda ikki marta yangilanadi.

  • Kechki uyqudan oldin qafas usti yopib qo‘yilsa, to‘tilar yaxshi dam oladi.

  • To‘tiqushlar yolg‘izlikni yoqtirmaydi. Ularni juft boqqan ma’qul.

Tozalik kuni

To‘tilar yashaydigan qafasni haftada bir marta tozalab turish kerak. Suv va don solinadigan idishlarni esa har kuni yuvib, quritib, keyin ichini to‘ldirib qo‘ying. Kun iliqroq bo‘lsa, to‘tilar cho‘milishi uchun alohida idishda suv ham qo‘yish mumkin.

Ozuqasi

To‘tilar uchun yemishni zoodo‘konlardan topsa bo‘ladi. Qo‘shimchasiga suvga bo‘ktirilgan suli, kungaboqar pistasi, tozalangan yong‘oq, qaynatib maydalangan tuxum ham berish mumkin. Yana shirin choyda yumshatilgan oq non bo‘lagi, ko‘katlar, sabzavot va mevalar ham to‘tilarning sevimli ozuqasi hisoblanadi.