Sichqoncha va telefon

sichqonKichkina sichqoncha yo‘lakchada yugurib o‘ynar ekan, qattiq bir narsaga to‘qishib ketdi.
– Chi-iy, – og‘riqning zo‘ridan chiyillab yubordi sichqoncha.
– Yomon og‘ridimi? – kimningdir ovozi eshi­tildi. Yerda yotgan uyali telefonni sichqoncha ko‘rmay qolgandi.
– Albatta, yomon og‘ridi, – jahl qildi sichqoncha. – Sen o‘zi kimsan, nega yo‘lda yotibsan?
– Men telefonman. Meni shu yerda tushirib qoldi­rishdi.
– Tushunarli-i… – deya telefonni ko‘zdan kechira boshladi sichqoncha.
Telefon ham sergapgina ekan, kutilmaganda o‘zi haqida gapira ketdi.
– Bu mening ekranim. Raqam yozilgan tug­machalarim orqali boshqa telefonlarga bog‘la­nish mumkin. Bir boshdan gapiradigan bo‘lsam, eng birinchi telefonni 1876-yilda amerikalik olim Aleksandr Bell o‘ylab topgan.O‘shanda ovoz bir juft mis sim orqali uzoq masofaga yetkazib berilgan. Ko‘p yillar o‘tib, olimlar tovushni simsiz, radioto‘lqinlar orqali uzatish usulini ixtiro qilishdi. Biz telefonlar uzoq masofadan turib odamlarni bir-biri bilan bog‘laymiz. Bu juda qulay, vaqtni ham yaxshigina tejaydi. Masalan, sen sayrdan qaytishingga buving shirin quymoq pishirib qo‘yishini istarmi­ding?
– Albatta, istayman, – tumshuqchasini yalab qo‘ydi sichqoncha.
– Buning uchun nima qilasan?
– Ortimga qaytib, buvimga quymoq pishirib berishini iltimos qilib kelaman.
– Ko‘ryapsanmi, telefoning bo‘lsa, sen bir vaqt­ning o‘zida ham sayr qilishing, ham buving bilan gaplashishing mumkin. Meni ishlatgan qizcha ham quymoqni juda yaxshi ko‘rardi, – bidirlashdan to‘xtamasdi telefon. – U bilan do‘stlashishni xohlarmiding?
– Ha.
– U o‘ta odobli qiz. Dadasining uyali telefonda kuniga 15 daqiqa gaplashish mumkinligi haqidagi yo‘rig‘idan aslo chiqmagan. Yo‘qsa, telefondan tarqaladigan radioto‘lqinlar sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin. Qizaloq dars paytida jiringlab xalal bermasligim uchun meni o‘chirib qo‘yadi. Yana u musiqa eshitishni ham yoqtiradi, lekin ko‘chada musiqa ­eshitib yurmaydi. Chunki bu – xavfli.
Sichqoncha bilan telefon suhbatini yaqin atrofdan eshitilgan ovoz bo‘lib qo‘ydi:
– Ana, ana-ku telefonim. Mana bu yerda tushirib qo‘ygan ekanman. Qanday yaxshi, uni endi boshqa ko‘rmaymanmi deb qo‘rqqandim.
Telefonning egasi taxminan 10 yoshlardagi, sochlari o‘rilgan chiroyligina qizcha ekan.
Sichqoncha qizcha bilan do‘stlashib oldi. Endi ular birga o‘ynamoqchi bo‘lishganda telefon orqali oldindan kelishib olishar, bilmagan narsalarini bir-birlaridan so‘rab o‘rganishar edi.