Yoshlikda olingan ilm

temurUstoz maslahati
Amir Temurning birinchi ustozi mullo Alibek bo‘lgan. Zehni o‘tkir Temurbek boshqa tengqurlari kabi majburan o‘qib-o‘rganmas, balki ilm olishga zo‘r ishtiyoq bilan kirishardi. Shogirdi­dagi beqi­yos iste’dodni ko‘rgan mullo Alibek Temurbekning otasiga: “O‘g‘lingni qadrla, uning idroki va xotirasi betakror. Bunday kishilar ulg‘aygach, tarix sahifalarida sharafli nom qoldirishadi”, – degan edi.
Dono ota
Amir Temurning otasi Muhammad Tarag‘ay o‘g‘li ilmli bo‘lishi uchun uni o‘z zamona­sining eng ilg‘or olimlari qo‘lida o‘qitgan. Amir Temur murabbiy­lar nazorati ostida dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egalladi. Qilichboz­lik, chavandozlik, kamondan o‘q ­uzish mashq­larini mukammal o‘rgandi. Harbiy mashqlarda unga teng keladigani yo‘q edi.
Amir Temur o‘n oltiga to‘lgan kuni otasi uni ajdodlari mozoriga olib boradi. Bu tabarruk joyda farzandiga ota-bobo­lari islom diniga e’tiqod qilganli­gini aytib, ular singari komil musulmon, halol va adolatli inson bo‘lish lozimligini, doi­mo olimlarni do‘st tutishi ke­rakligini nasihat qiladi.
Amir Temur nafaqat­ mol-mulkini, balki bilimlarini ko‘paytirish yo‘lida ham harakat qildi. Chunki ilmli kishilar aql-idrokin­gni qadrlasalar-da, hayotda boyli­gingga qarab izzat-ikrom ko‘rsa­tadiganlar ham uchrashini u juda yaxshi tushunardi.
Ilm hurmati
Amir Temur olimlarni bag‘oyat qadrlardi. Ularga hurmat ko‘rsatardi. O‘z saltanatini qurgach, ustozlari-yu do‘stlarining barchasini ko‘p yaxshiliklar bilan siylagan. Birovlariga lavozim bergan bo‘lsa, boshqalariga nafaqa belgilagan.
Mahmud Shabistariyning “Sirlar yog‘dusi” kitobi yosh Temurbekka ko‘plab savollariga javob topishda ko‘makchi bo‘lgandi. Yillar o‘tib, buyuk sarkarda Ozarboyjonni zabt etganida, Mahmud Shabistariy hurmatidan Shabistar aholisiga ziyon-zahmat yetkazmaslikka buyruq beradi. Yana, shahar­ning o‘n besh yoshdan oshgan har bir fuqarosiga besh misqoldan oltin be­rishlarini amr qiladi.
Buyuk sarkarda Amir Temurning ulkan saltanat barpo etishi hamda yetti iqlim hukmdori bo‘lishida yoshligida egallagan bilimlari, adolat, halollik, saxiylik kabi fazilatlarining o‘rni beqiyosdir.