KITOB KOMPYUTERDAN YAXSHI

Kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Ko‘proq oyim va bobom tavsiya qilgan kitoblarni o‘qiyman. Shaxsiy kutubxonamga 20 dan ortiq kitob jamlaganman. Ko‘p o‘qiganim uchunmi, maktabda darslarni tushunishim ham oson bo‘ladi. Berilgan uy vazifalarini ham qiynalmay bajaraman.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari, “Go‘ro‘g‘li” dostoni, “Ezop masallari” – mening sevimli kitoblarim. “Sariq devni minib” asarining kinosini ko‘rdim. Nimagadir, kitobni o‘qiganda boshqacha sarguzashtlarni tasavvur qilgandim. Kinoda esa men o‘ylagan ajoyib holatlar yo‘q. Kinoda ham qiziqarli voqealar bo‘ladi, lekin o‘z tasavvuringiz baribir boshqacha-da! Bu narsa xuddi miyangizda multfilm ko‘rganga o‘xshaydi.

Kitob o‘qimaydigan bola kino va multfilmlarni ko‘rib yuraversa, tasavvur olami rivojlanmay qolib ketadi. Ba’zi o‘rtoqlarim judayam kam kitob o‘qishadi, ba’zilari esa umuman o‘qishmaydi. Lekin men ularga kitob o‘qish eng ajoyib mashg‘ulot ekanini doim takrorlayman. Ba’zi do‘stlarim mening tavsiyamdan keyin kitob o‘qib ko‘rishgandi. Ular mutolaa haqiqatdan ham kino va multfilmlardan ko‘ra qiziqroq ekanini aytishdi.

Agar o‘qimaydigan bolalarga kitobni ko‘rsatib: “Bu nima?” – deb so‘rasangiz, “Oddiy qog‘ozlar to‘plami”, – deya javob berishadi. Ammo uni o‘qib chiqqandan keyin, kitob televizor va kompyuterdan yaxshiroq ekanini bilishadi.

Muhammadjon YOQUBOV,
Toshkent shahridagi
326-maktab o‘quvchisi