“Eng yaxshi ijodkor” yo‘nalishi g‘oliblari aniqlandi

Ajoyib she’rlarini bizga jo‘natgan jajji shoirlar-u, ularning yurak hovuchlab tanlov natijasini kutib o‘tirgan ota-onalari!

“Jajji akademik” jurnali hamda xalqimizning sevimli shoiri Xurshid Davron bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Akademik bolaman” tanlovining “Eng yaxshi ijodkor” yo‘nalishi g‘oliblari ham aniqlandi. Yashirmaymiz, tanlovga bo‘lgan qiziqish sabab uning muddatini biroz uzaytirishga to‘g‘ri keldi. Tahririyatimizga kelgan ko‘plab ijod namunalari garchi faqat qiziqish natijasi bo‘lib ko‘rinsa-da, yosh qalamkashlarning kelajagiga umid bilan qarashimizga barcha asoslar yetarli edi. Oxirgi bosqich uchun saralab olingan 13 nafar yosh ijodkorlardan sevimli shoirimiz Xurshid Davron tomonidan bir nafari, jurnal tahririyati tomonidan esa yana bir ishtirokchi g‘olib deb topildi.

“Momoqaymoq” she’ri muallifi Toshkent shahridagi 195-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Nishonova Farangiz Usmon qizi Xurshid Davron e’tirofiga sazovor bo‘ldi. “Yurtning yulduzlarimiz” she’ri uchun esa Toshkent shahridagi 26-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Barnoxon Rajabova “Jajji akademik” jurnali tahririyati tomonidan g‘olib deb topildi.

G‘oliblar 2016-yil oxirigacha sevimli jurnallari obunasiga ega bo‘lishdi. Hamkorimiz “Akademnashr” nashriyoti ham jajji ijodkorlarni o‘zining rang-barang va qiziqarli kitoblari bilan taqdirlaydi.

Tanlov natijalariga qiziqqan siz azizlarni ham quruq qo‘ymaslikka qaror qildik. Siz ham quyida “Eng yaxshi ijodkor” yo‘nalishi so‘nggi bosqichi uchun saralab olingan barcha she’rlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Bolalardagi ijod va izlanishga chanqoqlikni ko‘rib, sizga shunday degimiz keldi: “Farzandi kelajagiga befarq bo‘lmagan aziz ota-onalar! Bolalaringizni ilm va ijod bilan do‘stlashtirishda davom eting. Ularga “Jajji akademik” jurnalini olib bering. Ilmli avlod quradigan kelajak albatta buyuk bo‘ladi!”
1.
* * *
“Jajji akademik” bu –
Bilimlarning o‘chog‘i.
O‘qib ko‘ring albatta
Baxt topasiz har vaqtda.

Masal, she’rlar va savol
Javobini topib ol.
O‘qing, juda zo‘r ekan,
Mo‘jizaga boy ekan.

Savollarga javob yoz,
Qancha bilsang, shuncha soz.
Ishonmasang so‘zimga,
O‘zing o‘qib ko‘r, mana!

Muhammadjonova Muslima,
Toshkent shahridagi 281-maktabning
5-sinf o‘quvchisi.

2. BIZ YOSHLAR
Vatanning kelajagi,
Temurbek o‘g‘lonlari,
Ulug‘bekning yulduzi,
Navoiyning g‘azali,
Ota-ona ishonchi,
Muallimlar mehnati,
El-yurt sha’nin oqlovchi –
Bu bizlarmiz, yoshlarmiz!

Og‘abek Samariddinov,
Toshkent shahridagi
226-maktabning 4-sinf o‘quvchisi.

3. KITOBNING DEGANI
Ha, men o‘sha kitobman,
Sening eng yaqin do‘sting.
Ko‘proq o‘qisang agar,
Qolmaydi kam-u ko‘sting.

Menman bilimlarga kon,
Ilm-u odobga makon.
Hech yog‘imni yirtmagin,
U-bu narsa surtmagin.
Men axir sening yuzing,
Men bilan nurli ko‘zing.

Mardona Qurbonboyeva,
Angren shahridagi
26-maktabining 5-sinf o‘quvchisi.

4. KITOB
Kitob – bilim bulog‘i,
Kitob – aql chirog‘i.
Kimki o‘qisa kitob,
Bilimi oshar shu tob.

Boqiyeva Shodiya,
Toshkent shahridagi
226-maktabning 4-sinf o‘quvchisi

5. O‘ZBEKISTON
Gulla-yashna, O‘zbekistonim,
Tengi yo‘qsan, bog‘-u bo‘stonim.
Bog‘laringda chiroyli gullar,
Barchamizga yoqadi ular.

Shamollaring yeladi mayin,
Kapalaklar qiladi o‘yin.
Yo‘lingga men fido bo‘layin,
Betakrorim, O‘zbekistonim!

Zaripova Nasiba,
Toshkent shahridagi
73-maktabning 4 -sinf o‘quvchisi.

6. VATANIM
Agarda, Vatanim, sen uchun kuysam,
Ko‘zimga ko‘rinmas hech bir to‘sig‘ing.
Gullab yashnashing uchun qo‘shayin hissam,
Dunyolar tan olsin Alpomishingni.

Biz tanidik Koreyaning butun tarixin,
Gerodot so‘zlagan har bir bitikni.
Endi men tanitay butun dunyoga
Shiroq-u To‘maris, Barchinlaringni.

Misr ehromlari yonida yursam,
Eyfelni zabt etib dunyoni ko‘rsam,
Ehrom-u Eyfeldan men uchun aziz
O‘zimning Registon maqbaralarim.

Mohitobon Tolibjonova,
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi
17-maktab o‘quvchisi.

7. GEOGRAFIYA DARSI
Globus aylantirib
Shaharlarga boqamiz,
Daryolarga termilib
Xayol surib qolamiz.

Geografiya darsida
Kezib chiqdim dunyoni.
Aylantirib Yer sharin
Topdim Amudaryoni.

Muxlisa Olimjonova,
Toshkent shahridagi
169-maktabning 7-sinf o‘quvchisi.

8. O‘GIT
Ulug‘ ajdodlardan qadimiy hikmat,
Ustozlar o‘giti shundan iborat,
Bolalar, bir gapni uqib olinglar,
Har doim ilmga chanqoq bo‘linglar!

O‘qimang otangiz, onangiz uchun,
Yoki muallimlar bahosi uchun,
Siz o‘qib izlaning o‘zingiz uchun,
Shu vatan sha’nini ko‘tarish uchun!

O‘qing, bilim oling, ey bolajonlar,
Siz axir vatanning ertasisiz-ku!
Ilm zahmatidan cho‘chimang aslo,
Siz buyuk O‘ZBEKning farzandisiz-ku!

Iroda Mahmudova, 10 yosh.
Chilonzor tumanidagi
195- maktab 4-sinf o‘quvchisi

9. YURTNING YULDUZLARIMIZ
Biz kelajak avlodmiz –
Vatanimiz ishonchi.
Biz barkamol avlodmiz –
Ona elning quvonchi.

Biz ilmli, iboli,
Zukko bo‘lishimiz shart.
Islom bobo aytganday
Dono bo‘lishimiz shart.

Yomon, yolg‘on gaplarga
Uchmagaymiz hech qachon.
Nodonlar ta’siriga
Tushmagaymiz hech qachon.

Axir kuzatib turar
Bizni ulug‘ bobolar.
Al-Xorazmiy, Buxoriy,
Navoiy-u Kubrolar.

Ularning ishonchini
Oqlashimiz kerakdir.
Yurt ko‘kida yulduzday
Porlashimiz kerakdir!

Barnoxon Rajabova,
Toshkent shahridagi
26-maktabning 7-sinf o‘quvchisi.

10. KIM BO‘LSAM EKAN?
Ko‘p-ko‘p kitob o‘qiymiz,
Izlanamiz tolmaymiz,
Kalajakda biz albat,
Turli kasblar tanlaymiz.

Sevinch ustoz bo‘lmoqchi,
Sardor bo‘ladi askar,
Menchi, kim bo‘lsam ekan?
Bo‘lsam-chi ularga rahbar?

Zahro Mahmudova, 9 yosh.
Toshkent shahridagi
195-maktab 2-sinf o‘quvchisi

11. MOMOQAYMOQ
Erta bahor hovlimizda
Paydo bo‘ldi yaraqlab.
Xuddi mitti quyoshchalar
Turar edi charaqlab.
Gir aylanib atrofida
Maftun bo‘ldim ularga.
Bosmanglar va uzmanglar deb
Aytdim bolachalarga.
Ko‘kda quyosh bittagina,
Hovlimizda birtalay.
Qorovullab kuni bo‘yi
Uzdirmadim har qalay.
Ular bilan xayrlashib,
Uyga kirdim kech mahal.
Tushlarimga kirib chiqdi
Quyoshchalar galma-gal.
Tong otganda hovlimizga
Chiqsam yo‘q quyoshchalar.
Ular o‘sgan o‘rinlarda
Bir talay to‘lin oylar!
Hovlimizda endi mehmon
Parqu, yengil Oymomolar.
Esgan edi mayin shamol
Uchdi minglab yulduzchalar.
Avval quyosh kabi sariq,
Keyin oydek to‘lin, oq.
Ko‘kka uchdi yulduzlardek
Mo‘jiza – Momoqaymoq!

Nishonova Farangiz Usmon qizi,
Toshkent shahridagi
195-maktabning 3-sinf o‘quvchisi.

12. TABIAT
Tabiat o‘zi nima?
U – g‘aroyib tush kabi.
Mayin shamol esadi
Tezlik ila qush kabi.

Kapalaklar ham uchib
Gullarni erkalaydi.
Quyosh charaqlab turib
Mevalarni o‘padi.

Asalari mehnatkash,
Asal tayyorlar har on.
Bu tabiat in’omi,
Bunga shukrona darkor.

Mushtariy Abduvaliyeva,
Toshkent shahridagi
200-maktabning 5-sinf o‘quvchisi

13. BOYCHECHAK
Boychechagim – boychechak,
Gul chechagim, oychechak.
Bahor keldi deyish bilan
Intilasan falakka.
Ochilgan gullaring ham
O‘xshaydi kapalakka.
Ochilgan gullaringdan
Yasab olay chambarak.
Chambarakni taqib olib
O‘ynab bersin kapalak.

Kumush Oqilova, 
Toshkent shahridagi
1-maktabning 7-sinf o‘quvchisi