BIZNI HIMOYA QILING!

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Ushbu bayram munosabati bilan Jajji akademik do‘stlari va xorijdagi tengdoshlariga bir savol bilan murojaat qildi. Bolalarni himoya qilish deganda, tengdoshlari nimani tasavvur qilishadi va kattalardan nima kutishadi? Keling, bu savolga berilgan javoblarni birgalikda o‘qib ko‘ramiz.

Кореа

Son Dasom, 7 yosh, Janubiy Koreya Respublikasining Ansan shahridagi Hanlcheyuchivon ta’lim markazi o‘quvchisi:

– Yer yuzida og‘ir xastaliklardan aziyat chekadigan bolalar judayam ko‘p. Kattalar dunyodagi barcha bemor bolalar uchun bepul tibbiy yordam ko‘rsatishlarini istardim.

Украина

Polina Keba, 10 yosh, Rossiya Federatsiyasining Olenegorsk shahridagi 21-maktab o‘quvchisi:

– Kattalar bolalarga e’tiborli bo‘lishlari kerak. Ularni qiziqtirgan savollarga javob berishlari, ko‘p vaqtlarini farzandlari bilan birga o‘tkazishlari lozim. Chunki mehr ko‘rgan bolagina boshqalarga ham mehr bera oladi.

БАА

Muhammad Nazarov, 7 yosh, BAAning Sharja shahridagi Al-ahliya xususiy maktabi o‘quvchisi:

– Kashfiyotchi bolalar uchun ham xalqaro “Nobel” mukofotiga o‘xshash sovrin ta’sis etilsa, hamma bolalar yaxshi o‘qishga intili­shardi. Yer yuzida jajji ixtirochilar ham ko‘payardi.

турк

Bora Karachelik, 8 yosh, Turkiyaning Antaliya shahridagi Dog‘a xususiy maktabi o‘quvchisi:

– Kattalar birlashib, biz bolalarni urush va terro­rizm balosidan himoya qilishsa, hamma o‘z vatanida, ota-onasi bag‘rida tinch-omonlikda yashasa, deya orzu qilaman.

узбек

Sardor Baxtiyorov, 8 yosh, O‘zbekiston Respublikasining Toshkent shahridagi 242-maktab o‘quvchisi:

– Atrof-muhit va tabiatga zarar keltiradigan narsalardan voz kechish kerak. Biz bolalar tamaki, tutun va alkogolli ichimliklarsiz toza sayyorada yashashni xohlaymiz.

озар

Togrul Pashayev, 12 yosh, Ozarbayjonning Boku shahridagi 132-litsey o‘quvchisi:

– Kattalardan yagona iltimosim shuki, qurol ishlab chiqaradigan har bir korxonani o‘yinchoq ishlab chiqarishga ixtisoslashtirishsin. Shundagina ular butun dunyo bolalarini baxtli qilishlari mumkin.

япошка

Mari Suritani, 9 yosh, Yaponiyaning Saytama shahridagi Kaichi maktabi o‘quvchisi:

– Doimo: “Kattalar boquvchisiz qolgan bolalarga yordam ko‘rsatishsa edi, har bir bola baxtiyor oilada voyaga yetsa edi”, – deya orzu qilaman. Chunki shundagina dunyoda birorta ham g‘amgin bola qolmasdi, turli mehribonlik uylariga ham hojat bo‘lmasdi.

Африка

Mansa Bvaliya, Zambiya davlatining Ndola shahridagi Nsansa maktabi o‘quv­chisi:

– Yer yuzining ko‘plab hududlarida ichimlik suvi taqchilligi muammosi bor. Kattalar dunyoning har bir chekkasiga toza suv yetib borishini ta’minlashsa, biz bolalar ham suvni tejab ishlatib, ularga yordam berardik! Afrikada faqat puli bor ota-onagina farzandini maktabda o‘qita oladi. Yer yuzining hamma nuqtasida bolalar uchun ta’lim bepul bo‘lishini orzu qilaman.

уйгур

Nafisa G‘ayrat, 12 yosh, Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahridagi 19-maktab o‘quvchisi:

– Bolalar hech qachon yo‘qolib qolmasin! Mabodo yo‘qolib qolishsa ham, ota-onalari darrov topib olish­sin. Bizda adashib qolgan bolalar tezda topilishi uchun ajoyib qoida o‘ylab topilgan. Masalan, biror bola adashib qolsa, u duch kelgan jamoat transportiga chiqib, yo‘qolganligi haqida haydovchiga aytadi. Haydovchi esa zudlik bilan tegishli joyga ma’lumot beradi. Qarabsizki, hech qancha vaqt o‘tmay, yo‘qolib qolgan bolakay ota-onasi bag‘rida bo‘ladi.

АКШ

Viktor Sviney, 7 yosh, AQShning Florida shtati Fort-Mayers shahridagi Heights boshlang‘ich maktabi o‘quvchisi:

– Bolalardagi semizlik muammosiga ko‘proq e’tibor berish kerak deb o‘ylayman. Ayniqsa, ommalashgan fast-fudlarning zarari haqida  tushuntirish ishlarini olib borish lozim. Axir, kattalar bolalarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatib borishlari kerak emasmi? Sport va to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor berilsa, ko‘pgina kasalliklarning oldi olinardi.