Shaxmat qiroli bo‘lmoqchiman

Men Shamsiddin­­ ­Vohidovman. Yoshim o‘n uchda. Toshkent shahridagi 307-maktabning 7-sinf o‘quvchisiman.
Olti yildan beri shaxmat bilan shug‘ullanaman. Dastlab shunchaki qiziqish tufayli boshlangan to‘garak mashg‘ulotlari 2015-yili Gretsiyada o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi bo‘lishimga sabab bo‘ldi. Bunday natijaga erishishimda ustozim – shaxmat ustasi Anton Filipovning xizmatlari beqiyos.

Kamgapman. Ichimdagini tashqariga chiqarmaslikka harakat qilaman. Jahon chempionatida juda qattiq hayajonlandim, lekin bildirmadim. Qaytanga, yaqinlarim mendan ko‘ra kuchliroq hayajonlanishibdi. Ularning qo‘llab-quvvatlashlari tufayli 7 ta g‘alaba va 4 ta durang natija qayd etib, jahon chempioni bo‘ldim. Onamning aytishicha, bu voqeadan keyin qo‘shni bolalar ham menga havas qilib shaxmat to‘garagiga yozilishibdi.

Kelajakda hamyurtimiz Rustam Qosimjonov va shaxmat qiroli Magnus Karlsenga o’xshab jahon chempioni bo’lmoqchiman. Buning uchun esa tinimsiz izlanishim, mehnat qilishim kerakligini bilaman va men bunga tayyorman.