“Qo‘lbola” ratsiya

Agar o‘rtog‘ingiz uzoqda turgan bo‘lsa-yu, uning qulog‘iga biror sirli gapni shivirlab aytmoqchi bo‘lsangiz, albatta uyali telefondan foydalanish shart emas. Zarina va Malik bu muammoni hal qilishning judayam oson yo‘lini bilishar ekan. Keling, bugun ulardan “qo‘lbola” ratsiya yasashni o‘rganamiz.

Kerak bo‘ladi:24_str_1

• 2 dona plastik stakan;
• cho‘p;
• ip.

Yasash jarayoni:

1. Ishni plastik stakanning tagini teshishdan boshlaymiz. Ushbu kichkina teshikchani qaychi yordamida ochishingiz mumkin.
2. Cho‘pni teng ikkiga bo‘lamiz.
3. Kamida 10 metrli ip olib, uning ikki uchiga cho‘plarni bog‘laymiz.
4. Plastik stakan teshigidan cho‘pni o‘tkazib, so‘ng uni yotiq holatga keltiramiz. Shunda cho‘p stakandan chiqib ketmaydi.
5. Ikkinchi stakan bilan ham xuddi shu ishni bajaramiz.

Zarina birinchi stakanni qulog‘iga tutib, orqaga yura boshladi. Ip tarang tortil­ganidan so‘ng Malik ikkinchi stakanni og‘ziga tutib, past ovozda gapirdi. Zarina Malikning shivirlab aytayotgan har bir gapini aniq eshitardi. Lekin qanday qilib oddiy ip va plastik stakan yordamida buni uddalash mumkin?
“Qo‘lbola” ratsiyaning siri oddiy. Bu hodisani fizik qonunlar tushuntirib beradi. Gapirganimizda og‘zimizdan chiqayotgan havo oqimi stakanga ulangan ipni teb­ratadi. Albatta, bu tebranishni oddiy ko‘z bilan ko‘rish qiyin, lekin shu to‘lqinlar tovushni ipning boshqa uchigacha olib boradi.