Xiragana va katakanani bilasizmi?

Salom, o‘zbekistonlik tengdoshlarim! Men Umarbek Bahodirjo­novman. Yoshim yettida. Yaponiyaning Saytama shahrida yashayman. Sizga bu yerdagi odatiy o‘quv kunlarimdan biri haqida gapirib bermoq­chiman.
Yaponiyada o‘quv yili 1-apreldan boshlanadi.
Bu erda maktablar raqamlanmaydi, balki tegishli hudud nomi bilan ataladi. Masalan, maktabimning nomi “Honcho”. O‘zim o‘zbek bo‘lganim bilan yapon tilini shu yerdagi bog‘chaga qatnaganimda xiragana va katakana deb ataluvchi yapon alfaviti orqali o‘rganib olganman. Uyda esa o‘zbek tilida gaplashamiz. Ota-onamning aytishicha, bu ona tilimni unutib qo‘ymasligim uchun kerak ekan.
Maktabga yosh bolalarni olib kelish uchun katta sinfdagi biror o‘quvchi mas’ul bo‘ladi. U o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uylardan qo‘shni bolalarni yig‘ib, maktabga olib boradi.
Yaponiyalik bolalar soat 6:50 da uyg‘o­nishadi. Ular odatda futon deb ataladigan yupqa matras ustida uxlashadi. Ammo men, ukam va singlim karavotda uxlaymiz. Soat 7:10 da nonushta qilamiz. Keyin maktabga yo‘l olamiz. Yapon o‘quvchilarining hammasi 6-sinfgacha randoseru deb nomlanadigan sumka tutib yurishadi. Bu sumka judayam qimmat bo‘lgani bilan, qulay. Og‘ir, lekin gav­dani to‘g‘ri tutishga yordam beradi. ­Uning ichida xavfsizlik bog‘ichi ham bor. Agar yomon odamlar xavf tug‘dirsa, shu bog‘ichni tortib maxsus signal orqali boshqalar e’tiborini tortish mumkin. Yana bu sumkaga GPS-navigator ulangan. Bu moslama yordamida o‘qituvchi o‘quvchining uyga qay­tadigan yo‘lini kuzatib turadi. Bola boshqa yo‘nalishga burilsa, o‘qituvchi shu zahotiyoq uning ota-onasiga xabar beradi.
Maktab binosi olti qavatdan iborat. 1-qavatda 1-sinf, 2-qavatda 2-sinf va hokazo. To 6-qavatgacha sinf xonalari shu tarzda joylashgan bo‘ladi. Kira­verishda hamma bolalar oyoq kiyimla­rini almashtirishadi. 1-sinf o‘quv­chisi oq, 2-sinf o‘quvchisi qizil, 3-sinf o‘quvchisi sariq, 4-sinf o‘quvchisi yashil, 5-sinf o‘quvchisi jigarrang, 6-sinf o‘quvchisi esa ko‘k rangdagi po­yabzal kiyadi. Shunga qarab bolalarning qaysi sinf o‘quvchisi ekanini bi­lish mumkin.
Darslar tushlikkacha davom etadi. Keyin mayin musiqa sadolari ostida har bir o‘quvchi o‘z joyini tozalay boshlaydi. Chunki yapon maktablarida farroshlar ishlamaydi. Maktabdagi tozalikka o‘quvchilarning o‘zlari javob berishadi.
Maktabimiz tomida katta basseyn bor. U yerda, kun sovuq bo‘lsa ham, jismoniy tarbiya fanidan suzish mashq­lari o‘tkaziladi. Shu­ning uchun ham yapon bolalari chiniqqan va sog‘lom bo‘lishadi.
Taomlardan sushi (yapon milliy taomi)ni yoqtiraman. Bu taomni Yaponiyada hamma yaxshi ko‘radi. Kechki ovqatga esa oyim ko‘pincha o‘zbek milliy taomlarini pishiradi. Dasturxon ustida ota-onam o‘z millatimiz va madaniyatimizni unutmasligimiz lozimligini uqtirishadi. Masalan, Yaponiyada jamoat transportida kattalarga joy berilmaydi. Hamma o‘zi pul to‘lagan joyida o‘tirishga haqli deb hisoblanadi. Lekin ota-onam bizga kattalarga joy berish, ularning og‘ir yukini ko‘tarishib yuborish lozimligini ko‘p eslatishadi.
Qo‘shimcha mashg‘ulotlar orqali ingliz tilini o‘rganaman. Karate, shaxmat, ilmiy laboratoriya to‘garakla­riga ham qatnashib turaman. Ilmiy laboratoriya to‘garagida ustozimiz professor Koxeydan ehtiyot qismlardan robotlar yasash va turli tajribalar o‘tkazishni o‘rganamiz. Ustozimiz tasavvuri­mizdagi robotni o‘z qo‘limiz bilan yasashimizga ko‘maklashadi.
Ovqatdan so‘ng onamga uy ishlarida yordamlashaman. Keyin ukalarim bilan o‘ynayman. Soat 21:00 da esa uxlashga yotaman.