Bo‘ladigan bola

Xalqimizda “Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum” degan maqol bor. Odatda, o‘z kasbining mohir ustalari qobiliyatlarini yoshlikdanoq namoyon qilishadi. Bugungi qahramonimiz Toshkent shahridagi 226-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Mardonbek Sobirjo­nov ham kichkinaligidan o‘z ixtirolari bilan ustozlarini lol qoldirib keladi.

“Oyim menga o‘ziyurar o‘yinchoq mashina sovg‘a qilganlarida hali juda kichkina edim. Mashina tezda buzilib qoldi. Uni tuzatmoqchi bo‘lib ichini ochganimni ko‘rgan oyim: “Qo‘lingga tushgan narsani buzar ekansan-da”, – deya xafa bo‘lgandilar. O‘shanda nima qilib bo‘lsa ham, shu o‘yinchoqni tuzatib oyimni xursand qilaman deb o‘zimga so‘z bergandim”, – deya eslaydi qahramonimiz.
Shu voqea sabab bo‘lib Mardonbek elektron qurilmalar, ularning yasalishi va ishlash jarayoniga qiziqib qoldi. Jajji ixtirochi ishdan chiqqan texnik buyumlarning ehtiyot qismlaridan yangi qurilmalar yasay boshladi.
Mardonbek yasaganlarining eng yaxshisi asabni tinchlantirish qurilmasi bo‘lsa kerak. Uning yordamida diqqatni jamlash va asablarni xotirjam qilish mumkin. Masalan, siz halqani qing‘ir-qiyshiq simga tekkizmay yurgiza olasizmi? Sizni bilmadik-ku, lekin men buni bir urinishda uddalay olmadim. Agar halqa simga salgina tegib ketsa ham, birdan qurilma chiroqlari yonib, yutqazganingiz haqida bildirib qo‘yadi. G‘olib bo‘lish uchun esa diqqatni bir joyga jamlab, qayta urinib ko‘rishingizga to‘gri keladi.
Mardonbek hozirda bemalol motorli mashina, parovoz, kema va vertolyot kabi o‘zi harakatlanadigan o‘yinchoqlarni, oyisi uchun esa turli ro‘zg‘or buyumlarini yasay oladi. To‘g‘ri, hozircha uning mehnatlari samarasi oddiy qurilmalardir, lekin kelajakda ular ulkan loyihalar, g‘aroyib ixtirolarga sabab bo‘lishiga aslo shubha qilmaymiz.