Qahramonim – shum bola

G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasini qiziqib o‘qimagan yoki asar asosida suratga olingan filmni ko‘rmagan bola  bo‘lmasa kerak. Qissa bosh qahramoni – Qoravoyni hamma judayam sho‘x va quv deydi. Lekin, menimcha, u yaxshi bola. Bobomning aytishlaricha, Qoravoy yashagan davrlar qiyinchilik zamoni bo‘lgan ekan. O‘sha vaqtlarda hozirgiday sharoit, maktablar bo‘lmagani uchun bolalar hali ulg‘aymaslaridan turmush tashvishlari bilan band bo‘lib, qolishar ekan. Shum bola ko‘p qiyinchiliklar va qiziqarli sarguzashtlarni boshidan kechiradi. U qassobchilikdan xabarim bor deb maqtanib, ho‘kizni so‘yish o‘rniga, qorong‘ida eshakni so‘yib qo‘yadi. Hammasidan ham “Innaykeyinchi… Innaykeyinchi…” deb jonga tegadigan boy otaning dodini bergani qiziq.

Men shum bolaning hamma ishlarini ham yaxshi deya olmayman. Agar shunday desam, dadam qulog‘imni “burab” qo‘yadi-da! Shum bolaning qiyinchiliklarni tirishqoqlik bilan yengib o‘tgani meni qoyil qoldiradi. U kichkina bo‘lishiga qaramay,
hayotning og‘ir sinovlariga dosh beradi, turli qiyin vaziyatlardan topag‘onligi tufayli chiqib ketadi. Shuning uchun ham shum bola – mening qahramonim.

Azamat RASULMATOV, Toshkent viloyati
Qibray tumanidagi 207-maktab 6-sinf o‘quvchisi