Eng arzon dori

Do‘stim Isfandiyor bir kunda ­qan­cha suv icharkan? Keling, buni o‘zidan so‘rab ko‘ramiz.
– Menmi? Hm… Ertalabki nonushtada 2 piyola shirin choy ichaman. Keyin…
– To‘xta-to‘xta! Ana xolos, sen choyni ovqatdan keyin kamida 2 soat o‘tkazib ichish kerakligini bilmaysanmi? Axir, choy biz yegan taom tarkibidagi foydali moddalarni parchalab yuboradi-ku! Endi unday qilma, ovqatlanayotganda choy o‘rniga qaynatilgan suv yoki tabiiy sharbatlar ichishga o‘rgan.
– Lekin men gazlangan ichimliklarni yaxshi ko‘raman-da.
– Bu yaxshi odat emas! Agar, oshqozonim kasal bo‘lmasin, meshqopday semirib ketmay desang, gazlangan ichimliklardan tiyil.
– Sog‘lom bo‘lishim uchun bir kunda qancha suv ichishim kerak?
– Bolalar bir kunda 6 – 8 stakan suv ichishlari kerak. O‘shanda sog‘lom va tetik yurishadi, darslarda uyqusirab qo­lishmaydi. Sport bilan shug‘ullanadigan bolalar esa ko‘proq suv ichishlariga to‘g‘ri keladi. Chunki odam ko‘p harakat qilganida ko‘p suyuqlik yo‘qotadi. Ichila­digan suv judayam sovuq yoki judayam issiq bo‘lmasligi kerak. Buni ham unutma!
– Qimmatli maslahatlaring uchun rahmat senga, Jajji akademik! Endi choy va gazlangan ichimliklar o‘rniga ham ko‘proq qaynatilgan suv­ ­ichishga odatlanaman. Chunki sog‘lom holda o‘ynab-kulib yurish kasal bo‘lib to‘shakda yotishdan ming marta yaxshiroq-da!