Qahramonim – Alisher Navoiy

Hamma bolalar ham “o‘rgimchak-odam”-u “temir-odam”larga havas qilishmaydi. Hamma bolalar ham kitob o‘qishni yig‘ishtirib qo‘yib, televizor ko‘rishga o‘tib ketishmagan. Boshqalarni bilmadik-ku, lekin “Jajji akademik” jurnali tahririyati xodimlarining bunga ishonchi komil. Nega desangiz, “Qahramonim – qahramon” sahifasida shu paytgacha bir-biridan ajoyib, bir-biridan bilag‘on, bir-biridan kitobxon “zumrad”lar-u “kenja botir”lar, “alpomish”lar-u “barchinoy”lar, “malvina”lar-u “dyuymchaxon”lar qatnashishdi-da.
Endigi navbat millatimizning, har birimizning eng katta qahramonlarimizdan biri – Alisher Navoiyga! Barcha turkiy xalqlarning yo‘lchi yulduzi bo‘lgan bobomizni o‘z qahramoni deb biladigan, u kishi kabi buyuk ishlarni amalga oshirish niyatini qalbiga joylagan bolalar ko‘pligiga ishonamiz. “Qahramonim – Alisher Navoiy” sahifasida ishtirok etmoqchi bo‘lgan bolajonlar yoki ularning ota-onalari biz bilan bog‘lanishlari mumkin. Xohlovchilarga qo‘yiladigan talablar juda oddiy: nomzod 8 – 12 yosh atrofidagi o‘g‘il bola bo‘lishi va buyuk alloma bobomizga bo‘lgan muhabbatini biz bilan baham ko‘rishi lozim, xolos. Shoshiling, millat o‘z qahramonlarini kutmoqda!