Kakku va burgut

Marhamat qildi-yu Burgut bir kuni –
Bulbulning o‘rniga qo‘ydi Kakkuni.
Kakkuvoy bu yangi mansabga minib,
Gerdayib, baland bir daraxtga qo‘nib,
Kuy-qo‘shiq bobida bilgan hunarin
Qushlar eshitsin deb tashladi to‘kib.

2

Qarasaki, qushlar qochishar nari,
Biri kulib ketar, boshqasi so‘kib.

Beqiyos ranjidi Kakku bu holdan,
Burgutga qushlardan qildi shikoyat:
“Ey hukmdor, – dedi, – farmoning bilan –
Bulbul bo‘lganimdan mamnunman g‘oyat.
Ammo qushlar meni qilishmas hurmat,
Ustimdan kulishga etishar jur’at”.

3

“Do‘stim, men podshoman, emasman Xudo, –
Der Burgut, – behuda noliyverma, bas.
Kakkuga Bulbul deb nom berdim, ammo
Uni Bulbul qilish qo‘limdan kelmas”.

 

  I. A. KRILOV

Muxtor XUDOYQULOV tarjimasi.