Chip-chip, jo‘jalarim…

Endigina tuxumdan ochib chiqqan yoqimtoy jo‘jalarni ko‘rib tovuq boqishga qiziqib qolganman. Dono xalqimiz bekorga: “Tovuq – yetti xazina­ning biri”, – demaydi. Ularning suv-yemiga vaqtida qarab tursangiz, har kuni bitta yoki ikkitadan tuxum olish mumkin. Bu ishda sizga quyidagi maslahatlar asqotadi, degan umiddaman.

Ularni qo‘rqitmang
Tovuqlarning juda ham qo‘rqoq bo‘lishini unutmang. Jo‘jalaringizni esa doimo nazorat qilib turing, ularga mushuklarni yaqinlashtirmang. Chunki qattiq qo‘rqib ketgan jo‘jalar kasallanib o‘lib qolishi ham mumkin ekan. Katta tovuqlarning qo‘rqishi esa tuxum tug‘may qo‘yishiga sabab bo‘ladi.

“Tishsiz” tovuqlar
Tovuqlar odatda yem tanlamaydi: turli donlarmi, yangi ungan maysalarmi, yeb ketave­radi. Ularda tish bo‘lmagani sababli yemishini birga yutib yuborgan mayda toshchalar bilan aralashtirib hazm qiladi. Shuning uchun ham tovuq katagiga mayda toshli qum sepib qo‘yish kerak.
Bu parrandalar qancha ko‘p ovqat yesa, shuncha ko‘p suv ichishini ham unutmang.

Asosiysi yorug‘lik
Qishda kunlar qisqarib, tunlar uzaygani uchun xonaki tovuqlar kam tuxum tug‘adi. Tovuq katagidagi muhitni yorug‘ va -2 oC – +2 oC atrofida saqlasangiz, ulardan qishda ham beminnat tuxum olib turishingiz mumkin.

Tozalik
Tovuqlaringiz qum, kul, tuproqqa belanib “o‘ynayotganini” ko‘rsangiz, xavotirlanmang. Bu orqali ular patlari orasiga kirib olgan turli zararli hasharotlarga qarshi kurashayotgan bo‘ladi.
Tovuq katagiga doimiy ravishda qum, payraha sepib turish, yilda ikki marta: bahor va kuzda yaxshilab tozalash hamda devorlarini oqlab qo‘yish kerak.

Humoyun SHEROVATOV,
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi
41-maktabning 5-sinf o‘quvchisi