“A’lo” baho o‘rniga – shirinlik

Tengdoshlarimga Afrika qit’asidan salom. Mening ismi sharifim Kamronbek Toshbekov. Zambiya davlatining Ndola shahridagi “SIMBA” xalqaro maktabi boshlang‘ich sinf o‘quvchisiman.
Tonggi 6:30 da uyg‘onib yuz-qo‘limni yuvgach, dadam bilan badantarbiya qilamiz. Nonushtadan keyin esa maktabga yo‘l olaman. Maktabimizga bolalar ota-onasi bilan birga keladi. Hatto yuqori sinf o‘quvchilarini ham ota-onasisiz maktabga
qabul qilishmaydi.
Bilasizmi, bu yerda maktab sumkasiga turli darsliklarni og‘ir qilib solib yurmaymiz. Chunki bizda darslik kitob deganlarining o‘zi yo‘q. Mashg‘ulotlarni katta-katta daftarlar yordamida o‘tamiz. Bunday daftarlarda hamma
mashq, misol va qoidalar surat tarzida berilgan. O‘qish uchun ham, yozish uchun ham shu daftarning o‘zini ishlataveramiz.
O‘quvchilarga 4-sinfgacha baho qo‘yilmaydi. A’loga bajarilgan topshiriq uchun esa shirinlik berishadi. 5-sinfdan boshlab o‘quvchilar o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘rganishadi.
Haftada besh kun o‘qiymiz. Ertalab 7:30 da hamma sinfxonada bo‘lishi shart. Maktabda tartibga qattiq rioya qilinadi. Agarda yaxshi o‘qiydigan bola darslarni besabab qoldirsa, uni a’lochilar ro‘yxatidan o‘chirishlari ham mumkin.
Maktabimizda oshxona yo‘q, hamma o‘quvchilar ovqatni uylaridan olib kelishadi. Afrikalik do‘stlarimning sevimli taomi – jo‘xori unidan tayyorlangan bo‘tqa. Bu Afrikada eng sevimli va eng arzon taom hisoblanadi.
Maktab formasi uch xil: asosiy, sport mashg‘ulotlari va qo‘shimcha to‘garaklar uchun. Haftaning ikki kuni sport mashg‘ulotlariga bag‘ishlanadi. O‘sha kunlari asosiy fanlar kamroq, suzish yoki futbol kabi jismoniy tarbiya fanlari ko‘proq o‘tiladi. Oyda bir marta maktab o‘quvchilarini turli ishlab chiqarish zavodlari hamda ko‘ngilochar joylarga olib boriladi.
Darslar soat 13:00 gacha davom etadi. Soat 14:00 dan 16:00 gacha bolalar uchun bepul to‘garaklar ishlaydi. Men futbol va
geologiya to‘garaklariga qatnayman.
Maktabda ingliz va fransuz tilida, qo‘shnilarim bilan mahalliy bemba tilida, uyda esa o‘zbekcha gaplashaman. Ta’til payti dadam bizni sayohatga olib chiqadi. Yaqinda Zambiyaning Livingston shahriga dunyodagi eng katta Viktoriya sharsharasini ko‘rishga bordik. Livingston ko‘chalarida zebra, jirafa kabi savanna hayvonlarini bemalol yaqindan ko‘rish mumkin ekan. Yana bu yerlarda maymunlar ham ko‘p. Ular odamlardan umuman cho‘chimaydi. Ba’zilari hatto ovqatlanib o‘tirganlarning
taomini olib ketishi ham mumkin. Ta’tildan keyin o‘qishga chiqqanimizda, qo‘limizga rangli qalamlar va rasm daftari berishadi. Biz esa ta’til taassurotlari haqida rasmlar chizamiz, insholar yozamiz.
Ha, aytgancha, bizning xalqaro maktab bitiruvchilari yakuniy balliga qarabdunyoning istalgan universitetiga o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Oliygohlarga kirish imtihonlari uchun boshqa shaharlarga borib o‘tirish shart emas, ular maktabimizning o‘zida olinadi.