Suvni filtrlash

Ko‘pchilik bolalar jo‘mrakni osongina burab, to‘yib-to‘yib suv ichishni yoki maza qilib cho‘milishni biladilar-u, ammo toza ichimlik suvining qadriga yetish va uni isrof qilmaslik kerakligini bilmaydilar. Keling, kichik bir tajriba o‘tkazib, suvni filtrlab tozalash oson ish emasligini amalda ko‘ramiz.

Kerak bo‘ladi:

2 ta plastik stakan va 2 ta salfetka.

Tajriba jarayoni:

  1. Stakanlardan birini ifloslangan suv bilan to‘ldiramiz.
  2. Salfetkalarni ustma-ust qilib o‘rab chiqamiz.
  3. Iflos suvli stakanni biror quti ustiga, bo‘sh stakanni esa pastroqqa qo‘yamiz.
  4. O‘ralgan salfetkaning bir uchini ifloslangan suvga botirib, yana bir uchini esa bo‘sh stakanga solamiz.
  5. 3 soat kutamiz.

Tajriba natijasi:

Birinchi stakandagi iflos suv salfetka orqali filtrlanib ikkinchi stakanga tushadi.

Ko‘rib turganingizdek, bir stakangina suvni filtrlash ham oson ish emas. Endi millionlab litr suvni tozalash mashaqqatini tasavvur qilib ko‘ring-chi?! Bugungi tajriba tufayli ichimlik suvini ishlatayotganda isrofga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini bilib oldingiz, degan umiddamiz.