1-son (2017)

“Nimani orzu qilasan?” degan savolga deyarli barcha bolalar: “Tezroq katta bo‘lishni”, – deya javob berishadi. Nima uchunligiga qiziqsangiz, bir ovozdan katta bo‘lish yaxshi ekanini, chunki kattalar hamma narsani bilishini aytishadi. Aziz o‘quvchilar, mana, do‘stingiz “Jajji akademik” ham bir yoshga ulg‘aydi. U ham o‘tgan yil davomida sizlardan ko‘p narsalarni o‘rgandi. Unga maktub yozib, telefon qilib, uchrashuvlarda so‘zlab, o‘rni kelganda qo‘llab, o‘rni kelganda xatolarini ko‘rsatgan, uning ham ulg‘ayishiga o‘z hissasini qo‘shgan har bir o‘quvchidan behad minnatdormiz.
Umid qilamizki, sizning 1 yoshga ulg‘ayishingizda ham “Jajji akademik”ning ozmi-ko‘pmi hissasi bor… Umid qilamizki, ilm-fanning turli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan sahifalarimizda maroq bilan katta bo‘lyapsiz… Umid qilamizki, siz ham, biz ham o‘sish, ulg‘ayish yo‘lidamiz…
Bu yo‘lda sizga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Tezroq katta bo‘ling, orzu qilganingizdek, hamma narsani biladigan bo‘ling. Chunki biladiganlar albatta bilmaydiganlardan afzaldirlar.