TILLA DARAXT O‘SADIGAN BOBOTOG‘

Bobotog‘ – Surxondaryo viloyatidagi 125 kilometrga cho‘zilgan tog‘ tizmasi. Eng baland nuqtasi – 2290 metrli Zarkosa cho‘qqisi. Bobotog‘ yonbag‘irlarida eng ko‘p tarqalgan daraxt pista hisoblanadi. Pistaning vatani Markaziy Osiyo bo‘lib, suvsiz hududlarda ham 1000 yoshgacha hosil berishi mumkin. Pista eksporti orqali yaxshigina daromad ko‘radigan Eron va Turkiya kabi mamlakatlarda bu daraxtni «yashil oltin» yoki «tilla daraxt» deb atashadi. Masalan, Eron 2013 yilda chetga pista sotishdan 1 milliard 300 million dollar daromad olgan!
Eng qizig‘i, pista daraxtining erkak va ayol turlari bo‘lar ekan. Ikkala tur ham gullaydi, lekin erkak-daraxt hosil bermaydi. Ayol-daraxt hosil beradi. Buning uchun mavsumda erkak-daraxt gullaridan changlanishi shart. Shuning uchun ham tomorqangizda pista yetishtirmoqchi bo‘lsangiz, sizga avval mutaxassis maslahati kerak bo‘ladi. Yolg‘iz pista daraxtidan hech qachon hosil ololmaysiz.
2017 – 2021 yillarda mamlakatimizni rivojlantirish harakatlari strategiyasiga aholi daromadlarini oshirish vazifasi ham kiritilganidan xabaringiz bor. Shu yilning 7 iyul kuni Bobotog‘ pistazorlarida «O‘rmonlarni boshqarishda mahalliy aholining o‘rni» mavzusida ilmiy-amaliy o‘quv tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda «Jajji akademik» ham qatnashdi. Bu tadbir O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) homiyligida o‘tkazildi. Tadbir davomida Piter Xenning, Grigoriy Samoylov, Abduvohid Zahadullayev kabi xorijlik va o‘zbekistonlik mutaxassislar mahalliy aholiga Bobotog‘ pistazorlaridan yuqori daromad olish yo‘llarini o‘rgatishdi.
Ushbu o‘quv-amaliy tadbirda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi 13-maktab o‘quvchisi Nurmuhammad Boymurodov ham qatnashdi. O‘zining aytishicha, u tadbir davomida pista daraxtiga serhosil navlarni payvand qilish qoidalarini o‘rganibdi, pistazor yerlarga sug‘orilmasa ham hosil beradigan dukkakli o‘simliklarni ekib, foyda olish mumkinligini bilib olibdi.