Dunyodagi eng nufuzli maktabda o‘qiyman

Men Sayfullayeva Siddiqaxon Azizulloh qizi. Yoshim 9 da. Afsonaviy Misr mamlakatida yashayman. Misr qadimiy madaniyati va boy tarixi bilan dunyoga mashhur. Qohira shahri Misr poytaxtidir. Bu yerdagi Al-Azhar universiteti qoshida “Al-Buxoriy” nomli maktab bor. Men shu maktabning 4-sinf o‘quvchisiman. “Al-Azhar” nafaqat Misrda, balki butun musulmon dunyosida eng nufuzli ta’lim maskani hisoblanadi. Men shunday dargohda o‘qiyotganimdan faxrlanaman.

Maktabimizda dunyoviy fanlar bilan bir qatorda diniy fanlar ham o‘qitiladi. Diniy fanlar arab tilida, dunyoviy fanlar esa ingliz tilida o‘tiladi. Qo‘shimcha til sifatida fransuz tili kiritilgan.

Maktabga o‘quvchilarni 4 yoshdan qabul qilishadi. O‘quvchilar har oy imtihon qilinadi va shu imtihon natijalariga qarab sovg‘alar bilan mukofotlanadi. Maktab formasini kiyish majburiy. Maktabimizga maktab xodimlari, o‘qituvchi va o‘quvchilardan boshqa hech kim kirishi mumkin emas. Ota-onalar zaruriy holatdagina farzandlari bilan qabulxonadan bog‘lanadilar.

Maktabimizda o‘qish kunlari 5 kun. Juma va shanba kunlari dam olamiz.
Har haftaning oxirgi o‘qish kunida darsdan keyin tikuvchilik, to‘quvchilik, pazandachilik va rassomchilik kabi foydali mashg‘ulotlar bo‘ladi. Maktabimizda sport akademiyasi ham bor. Unda o‘quvchilar o‘z xohishiga ko‘ra karate, kung-fu, suzish, yengil atletika bilan shug‘ullanishi mumkin. Qizlar uchun maxsus basseynlar ham bor.

Har kuni nonushtada onajonim asosan sut ichishni, asal, mayiz va yong‘oq yeyishimizni tavsiya qiladilar. Chunki bu mahsulotlar Qur’oni karimda zikr qilingan bo‘lib, sog‘lig‘imiz mustahkam, zehnimiz o‘tkir bo‘lishiga yordam beradi.

Soat 6:30 da xususiy avtobuslar kelib, bizni maktabga olib boradi. Maktabda soat 7:00 dan 7:30 gacha badantarbiya bilan shug‘ullanamiz. Darslar soat 8:00 da boshlanib, soat 14:30 gacha davom etadi. Bizni avtobuslar soat 15:00 da uyga olib ketadi. Ungacha sinfdoshlarim bilan maktabning maxsus maydonchasida o‘ynab turamiz.

Maktabimiz tomonidan ota-onalarimizning telefo¬niga maxsus dastur o‘rnatilgan. Shu dastur orqali har kuni uy vazifalarimiz, qaysi fanlardan ilg‘or ekanligimiz, qaysi fanlardan esa zaifligimiz haqida xabar keladi.

Men Qur’on yodlashga, biologiya va tarix fanlariga juda qiziqaman. Qoriya, olima bo‘lishni istayman. Orzuyim – xalqaro qoriyalar musobaqasida g‘olib bo‘lish.
11-son, 2017 yil