Litsey

O‘zbekiston Milliy universiteti “Tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan S.H.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyi

Ushbu o‘quv dargohi, o‘zbek matematikasining fidoyisi va jonkuyari, buyuk olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Saʼdi Hasanovich Sirojiddinov tashabbusi bilan 1970 yil 25 sentyabrda tashkil qilingan. Uning dastlabki nomi "Respublika maxsus maktab internati" deb atalgan. O‘sha paytda bu dargohda fizika va matematika yo‘nalishlari mavjud bo‘lgan. Ixtisoslashgan bunday maktablar o‘sha paytda sobiq ittifoqda beshta va O‘rta Osiyoda bitta edi. Bu internat respublika bo‘yicha barcha iqtidorli bolalarni, olimpiada g‘oliblari va sovrindorlarini o‘ziga birlashtirgan. Internat o‘quvchilari fizika va matematika fanlaridan nafaqat respublika balki, ittifoq olimpiadalari g‘oliblari bo‘lishgan va jahon olimpiadalarida xam munosib qatnashib kelganlar. 1987 yildan boshlab kimyo va biologiya yo‘nalishlari ham ochilgan. 1990 yil 24 yanvarda bu dargohga akademik  S.H.Sirojiddinov nomi berildi.

Maktab internat 1990 yil sentabrgacha maorif, keyinchalik Xalq taʼlimi vazirligi ixtiyorida bo‘lgan. 1990 yil 29 avgustdan boshlab bu dargoh Xalq taʼlimi vazirligi qaramog‘idan Oliy va O‘rta maxsus taʼlim vazirligi qaramog‘iga o‘tkazildi. 1990 yil 12 sentabrdan boshlab maktab internat Toshkent Davlat universiteti qoshiga o‘tkazildi. Toshkent Davlat universitetining 1993 yil 29 aprelda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengashi mazkur maktab internatni litsey internatga aylantirish, unga litsey internat maqomini berish haqida qaror qabul qildi. Keyinchalik bu maktabda ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi ham o‘z faoliyatini boshladi.

1998 yil 16 iyulda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining 192-sonli “Yangi turdagi o‘quv yurtlari tashkil etish to‘g‘risi”dagi buyrug‘iga asosan litsey internatga akademik litsey maqomi berildi. Endilikda litsey internatning rasmiy nomi quyidagicha: "O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus taʼlim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Toshkent shahar o‘rta, maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Saʼdi Hasanovich Sirojiddinov nomli akademik litsey".

Akademik litseyda 4 ta  aniq fanlar (matematika, fizika, hozirgi o‘zbek adabiy tili), aniq II fanlar (matematika, xorijiy til, hozirgi o‘zbek adabiy tili), tabiiy fanlar (kimyo, biologiya, hozirgi o‘zbek adabiy tili), ijtimoiy-gumanitar fanlar (tarix, xorijiy til, hozirgi o‘zbek adabiy tili) yo‘nalishlari mavjud. Har  bir  yo‘nalishda  yuqorida  ko‘rsatilgan fanlar qo‘shimcha chuqurlashtirilib o‘qitiladi.

Akademik  litseyga o‘quvchilar “Umumiy o‘rta taʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qamrab olish tartibi to‘g‘risida nizom”ga  asosan    qabul qilinadi. Akademik  litseyda  o‘qish  muddati ikki yil.

 

Telefon:
(+998) 71-278-43-58
Sayt:
Pochta:
Manzil:
100097, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, 9-daha, 33-uy