Madrasa

“Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti

Mustabid tuzum davrida ulamolar tazyiq ostiga olinib, madrasalar yopilgan edi. Istiqlol tufayli xalqimizning asriy orzusi ushalib, yoshlarimiz diniy bilim olishlari uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Jumladan, Xorazmda ham 1992 yili “Imom Faxriddin Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti ochildi.

Buyuk mutafakkir Faxriddin Roziy Ray shahrida (1148–1210) tug‘ilsa-da, umrining ko‘p vaqtini Buxoro, Xo‘jand, Marv va Urganchda o‘tkazgan. Alloma el orasida ilmi, zakovati bilan katta hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lgan.

Faxriddin Roziy diniy ilmlar bilan bir qatorda falsafa, huquqshunoslik, filologiya, tibbiyot sohalarida 150 dan ortiq risola va sheʼrlar yozib qoldirgan. Allomaning “Miftohul ulum”, “Nihoyatul ulum” va “Ilmul axloq” kabi nodir asarlari, shuningdek, “Mafotihul g‘ayb” nomli tafsiri mashhurdir.

“Imom Faxriddin Roziy” madrasasi Xonqa tumanidagi “Xalifai Xudoyquli eshon bobo” masjidi binosida faoliyat boshlagan, 1994 yilda Urganchdagi “Doshqinjon bobo” nomli tarixiy binoga ko‘chirildi. 2005 yildan beri Urganch shahrida joylashgan zamonaviy yangi binoda faoliyat yuritmoqda. Bilim yurti o‘quv xonalari va talabalar turar joyi ham zamon talablari darajasida taʼmirlanib, o‘quv jihozlari bilan to‘la taʼminlangan.

Bilim yurtida 2016 yil yanvar oyida dunyoviy fanlar bo‘yicha laboratoriya xonalari tashkil qilindi, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya fanlari uchun amaliyot jihozlari olindi. Talabalarga 13 nafar asosiy va 7 nafar o‘rindosh oliy maʼlumotli malakali mudarrislar taʼlim berishadi.

Shuningdek, bilim yurtida bir qator to‘garaklar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. “Kompyuter saboqlari”, “Xattotlik”, “Arab tili”, “Qurʼoni karim”, “Fiqh”, “Tafsir”, “Hadis” kabi to‘garaklar shular jumlasidandir.

 

Telefon:
(+998) 95-606-92-55
Sayt:
www.arroziy.uz
Pochta:
ar_roziy@mail.ru
Manzil:
Xorazm viloyati, Urganch tumani, Qoramon qishlog‘i, Kattabog‘ mahallasi, Hamkorlik ko‘chasi, 43-uy