Madrasa

“Jo‘ybori kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasi

Jo‘ybor – tojikcha so‘z bo‘lib, “katta oqar ariq”, “ariq bo‘yi” maʼnolarini anglatib, ushbu nisbat tarixi ming yilliklarga borib taqaladi. Payg‘ambarning qizlari – Fotima(r.a.)ning farzandi Imom Husaynning Zaynulobiddin ismli o‘g‘lidan tug‘ilgan Xoja Saʼd “Jo‘yboriy Xojalar”ning sardaftaridirlar. Ali ibn Husayn Xurosondan Buxoroga kelgandan keyin u bilan birga o‘sha mashhur Chor Bakrlar – Abu Bakr Saʼd Yamaniy, Abu Bakr Tarxon, Abu Bakr Fazl, Abu Bakr Homidlar ham bu yurtga kelib, bir umr shu yerda qolib ketadilar, Buxoroda islom dinining targ‘iboti, dunyoviy ilmlar va falsafiy adabiyotning rivojiga ulkan hissa qo‘shadilar.

Jo‘ybor xojalari va ularning zurriyotlari asosan shaharning Jo‘ybor mavzeida istiqomat qilishgan. Xoja Saʼdiddin (1531-1589 Kalonxoja) ibn Xoja Islomning (1493-1563) avlodlari shu mavzening Havzi Nav guzarida yashaganlar. Bu guzarda masjid bo‘lib, uning binosi (XVII asr) Abdulazizxonning onasi o‘z mablag‘i bilan qurdirgan. Masjid ro‘parasida yo‘lning shimoliy tomonida katta madrasa bo‘lib, u “Jo‘ybori Kalon” madrasasi deb nomlangan. Mazkur madrasa Subhonqulixon davrida XVII asrning ikkinchi yarmi, aniqrog‘i, 1670-71 yillarda Xoja Saʼdiddin ibn Xoja Islomning nevarasi, Xoja Abdurahim Jo‘yborning qizi Oyposhsha bibi merosiy mulki mablag‘i hisobidan qurdirgan. U bir necha tanob yerlar, do‘konlarni o‘sha madrasaga vaqf qilgan. Oyposhsha soliha, fozila, zohida va taqvodor ayollardan bo‘lib, uning nasabi quyidagicha: Oyposhsha bint Abdurahimxoja ibn Xoja Saʼdiddin (Xoja Kalon) ibn Xoja Islom ibn Xoja Ahmad ibn Xoja Yahyo...

Madrasa talabalarining moddiy taʼminoti Jo‘ybor shayxlari zimmasida bo‘lgan. Xoja Saʼdiddinning katta o‘g‘li Xoja Tojiddin Hasan Jo‘yboriy (VAF. 1646) otasi vafotidan keyin naqshbandiya tariqati davomchisi sifatida tanilgan bo‘lib, unga ota-bobolaridan katta mol-mulk meros qolgan. U juda saxovatpesha bo‘lib, har kuni novvoyxonalarda 1001 dona nonni tavakkaliy (70-80 sm. li buxoriy obi non) yopib, uni har kuni Jo‘ybor fuqarolariga, shahar madrasalarining talabalariga tarqatgan.

Shuni iftixor bilan taʼkidlash joizki, Xoja Islom Jo‘yboriydek naqshbandiya tariqatining buyuk qutbining mazkur Jo‘ybor madrasasi kutubxonasida 8 ming jilddan ortiq noyob kitoblari saqlangan.

Madrasa joylashgan Jo‘ybor mavzei qalʼa ichiga kirmagani uchun “Jo‘ybori Berun” deb ataladi.

Madrasaning baland peshtoqli eshigi janub tomonga qarab ochiladi. Darvoza ro‘parasida ixchamgina hovuz – Hovuzi Nav joylashgan. Madrasa, masjid, hovuz meʼmoriy majmuani tashkil etadi. Sho‘rolar davrida hovuz yonidagi minor buzib tashlangan.

Sho‘rolar davrida madrasa molxona, keyinchalik novvoyxona, so‘ngra shisha idish qabul qiladigan maskanga aylantirilgan.

O‘zbekiston istiqlolga erishgach, ayol-qizlar ham diniy va dunyoviy ilmlar egasi bo‘lib, mamlakatimiz maʼnaviyatini shakllantirishda hissa qo‘shishlari uchun mazkur “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti 1992 yil 1 sentyabrda o‘z faoliyatini boshlab, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga o‘tkazildi. Bilim yurti o‘rta maʼlumotli Boshlang‘ich  arab tili murabbiysi, Diniy maʼrifiy va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari maslahatchisi tayyorlaydi. Madrasa tashkil topgan yillarida 60 nafar talaba qizlar tahsil ko‘rgan.

Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 avgustda chiqarilgan “Din sohasidagi maʼnaviy va maʼrifiy, taʼlim ishlarini va faoliyatni yana-da takomillashtirishda ijtimoiy va imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Islom maʼhadi va islom o‘rta maxsus bilim yurti bitiruvchilariga beriladigan diplomlar davlat taʼlim hujjati sifatida eʼtirof etildi hamda ana shu hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan shaxslarga oliy o‘quv yurtlariga kirish huquqi berildi. Shu qarorga muvofiq bilim yurtini tamomlagan talabalar orasida oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirayotganlar ham bor.

Madrasa 1998 yil O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining maxsus litsenziyasini ham olib, Buxoro viloyati hokimligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

 

Telefon:
(+998) 65-221-77-44
Sayt:
juyborikalon.uz
Pochta:
juyborkalon07@mail.ru
Manzil:
Buxoro viloyati, Buxoro shahri, Havzi Nav ko‘chasi, 92-uy