Madrasa

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasi “Ko‘kaldosh madrasasi” nomi bilan ataladigan, shayboniy hukmdor Baroqxonning o‘g‘li Darveshxon Toshkent hokimi bo‘lgan davrda – 1551-1575 yillar oralig‘ida Qulbobo Ko‘kaldosh ismli shaxs tomonidan bunyod etilgan tarixiy binoda faoliyat yuritadi.

Mazkur ko‘hna bilim dargohidan Shamsiddin Muhammad Kurtiy, Xoja Yusuf Qoshg‘ariylar, Muxammad Aminxo‘ja Muqimiy, Zokirjon Holmuhammad o‘g‘li Furqat, Xaziniy, Mullo Qo‘shoq Misniy, Sayid Haybatullo Xo‘ja Xislat, Sirojiddin Sidqiy Xondaliqiylar, Sayyid Mahmud Taroziy, Oltinxon To‘ra, Yunus Maqsudiy, Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon kabi o‘z davrining buyuk shaxslari yetishib chiqqan.

Madrasada Islom dini qonun-qoidalari, arab va fors tili grammatikasi, adabiyot, odob-axloq, matematika, geometriya, astronomiya kabi fanlar o‘qitilgan. Darslar arab va fors tillaridagi kitoblar bo‘yicha o‘tilgan. Madrasani bitirib chiqqan ilm ahllari arab, fors va turkiy tillarni mukammal o‘rganganlar, yuzlab g‘azallar, minglab baytlarni yoddan bilganlar, madrasa hujralarida istiqomat qilib, Qurʼoni karimni yod olganlar.

Sobiq ittifoq davridagi uzoq yillik tanaffusdan so‘ng istiqlol sharofati bilan madrasa yana talabalar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

1999 yildan Ko‘kaldosh madrasasi binosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom taʼlim muassasa o‘z faoliyatini boshladi.

Hozirgi kunda “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasida Qurʼoni karim, tafsir, hadis, fiqh, aqoid, sarf, nahv, mutolaa kabi mutaxassislik fanlari bilan bir qatorda o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, ingliz tili, informatika va boshqa umumtaʼlim fanlari ham o‘qitiladi. Taʼlim muassasasida oliy maʼlumotli mudarris va o‘qituvchilar dars berib kelmoqdalar. Axborot resurs markazi, maʼnaviyat xonasi, informatika va qiroat xonalari talabalarning bilim va malakalarini oshirish uchun xizmat qilib turibdi.

Taʼlim muassasasida dinlar tarixi va nazariyasini chuqur egallagan, islom dini asoslarini o‘zlashtirgan, insonparvarlik, xalqparvarlik, vatanga sadoqat ruhida tarbiyalangan o‘rta maxsus darajaga ega mutaxassislar tayyorlanadi.

Taʼlim muassasasini bitirganlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va boshqa oliy taʼlim muassasalarida o‘qishni davom ettirishi mumkin.

Taʼlim muassasasini bitirgan talabalar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarga imom‑xatib yoki noib-imom kabi vazifalarga ishga qabul qilinadilar.

Uzoq masofadan kelib taʼlim oluvchilar uchun 100 o‘ringa mo‘ljallangan barcha sharoitlarga ega talabalar turar joyi mavjud.

Telefon:
(+998) 71-244-48-27
Sayt:
www.kukaldosh.uz
Pochta:
info@kukaldosh.uz
Manzil:
Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 46-uy, pochta indeksi: 100021