Madrasa

Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti

Xalq orasida Mir Arab (Arab amiri) nomi bilan mashhur bo‘lgan Sayyid Abdulloh al-Yamaniy Yamanda tug‘ilganlar. 22 yoshlarida Samarqandga kelib, Naqshbandiya tariqatining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Xoja Ahror Valiyga shogird tushib, tariqat piri darajasiga yetishganlar. Ustozlarining vafotidan so‘ng Buxoro hukmdori Ubaydulloxon bilan tanishganlar. Tez orada Buxoro ulamolari o‘rtasida shuhrat qozonib, ularga maslakdosh, xonga pirlik martabasiga erishganlar.

U zotning tashabbuslari bilan Ubaydulloxon inʼom qilgan mablag‘ hisobiga 1530 (hijriy 936) yilda Masjidi Kalonning sharqiy  tomonida madrasa qurilishi boshlangan. Biroq bu qurilish nihoyasiga yetmasdan, Sayyid Abdulloh al-Yamaniy olamdan o‘tib, vasiyatlariga ko‘ra kuyovlari Shayx Zakariyo 1536 (hijriy 942) yilda qurilishni oxiriga yetkazgan.

Mir Arab madrasasi Minorai Kalon va Masjidi Kalon bilan go‘zal bir meʼmoriy majmuani tashkil etadi.Bu bilim dargohi shahardagi madrasalardan ikki ulkan moviy gumbazi bilan ajralib turadi. Ushbu madrasaga kirish eshigi g‘arb tomonida bo‘lib, o‘ng tomondagi gumbaz ostida masjid, chap tomondagi gumbaz ostida maqbara joylashgan. Maqbarada Sayyid Abdulloh al-Yamaniy, Buxoro xoni Ubaydulloxon va u zotning qarindoshlari dafn etilganlar.

Madrasa ikki qavatdan iborat bo‘lib, Qurʼoni Karim suralari soniga muvofiq 114 hujradan iborat. Bu binoda to‘rtta ulkan peshtoq Qurʼoni Karim oyatlari bilan bezatilgan. Mir Arab madrasasi islom dini va madaniyati ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ilm dargohlari orasida eng maʼlum va mashhurlaridandir. Bu ulug‘ bilim dargohida Buxoro amirlaridan Amir Shohmurod, Amir Haydar va boshqa buyuk zotlar ham tahsil olganlar.

Madrasa qariyb besh yuz yillik faoliyati davomida O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Eron, Rossiya, Kavkaz, Ozarboyjon, Dog‘iston kabi davlatlar   musulmonlari hayotida ham muhim o‘rin egallab kelgan va diniy xodimlar tayyorlashda katta ahamiyat kasb etgan.

Sobiq Sovet Ittifoqi davrida madrasalar faoliyati to‘xtatilgan bo‘lsada Mir Arab madrasasi 1945 yildan boshlab hozirgi kunga qadar ishlab kelmoqda. Bu ilm maskanidan islom dini ravnaqiga sezilarli hissa qo‘shgan mashhur ulamolar yetishib chiqqan. Ular orasida Rossiyalik Ravil Gaynutdin, Boshqirdistonlik Talgat Tojuddin, Chechenistonlik Ahmad Qodirov, Ozarbayjonlik Olloshukur Poshshozoda, Qirg‘izistonlik Kimsanboy Abdurahmonov hamda Turkmanistonlik Nasrulloxon Ibodulloyev kabilar ilm olganlar. Shuningdek, bilim yurtini ochilishiga sababchi bo‘lgan muftiy Eshon Boboxon, muftiy Eshon Ziyovuddinxon va zamonamizning taniqli ulamolari Abdulg‘ani Abdullayev, Muxtorjon Abdullayev, Yusufxon Shokirov, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Fozil qori Sobirov, Rahmatulla qori Obidov, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon Alimov, Abdulg‘afur Razzoqov va respublikamizdagi imom-xatiblarning aksariyati ham madrasaning faxriy talabalaridan bo‘lganlar.

Madrasa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida bo‘lib, barcha taʼlim va tarbiyaviy ishlar idora hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning taʼlim bo‘limi tomonidan boshqariladi.

Taʼlim maskani – 4 yil davomida diniy fanlar bilan bir qatorda umumtaʼlim fanlari ham o‘qitiladi. Bilim yurtida 30 nafar maʼlumoti oliy va malakali o‘qituvchi-mudarrislar 150 dan ko‘proq talabalarga dars berib kelmoqdalar.

Madrasada talabalarning ilm olish va yashashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Bilim yurti talabalari kompyuter xonasi, fan kabinetlari va madrasa kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy boy madaniy va maʼnaviy merosimiz hisoblangan qo‘lyozma va toshbosma kitoblardan foydalanadilar. Uzoq tuman va boshqa viloyatlardan kelgan talabalar yotoqxona bilan taʼminlangan.

Madrasani bitirganlarga islomshunos, imom-xatib va arab tili o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha shahodatnoma beriladi. O‘z ilm saviyasini oshirishni istagan talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (2003 yil 22 avgust)ga asosan davlat oliy taʼlim tizimida o‘qishni davom ettirish huquqi berilgan.

Telefon:
(+998) 65-224-10-11
Sayt:
mirarabmadrasa.uz
Pochta:
mir-arab16@mail.ru
Manzil:
Buxoro viloyati, Buxoro shahri, Xo‘ja nurobod ko‘chasi, 16 uy