Madrasa

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasi

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasi dastavval 1993 yilda Movarounnahr musulmonlari diniy boshqarmasi idorasi “Eshon Boboxon” nomi ostida o‘z faoliyatini boshlagan. Taʼlim muassasasiga 1998 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi buyrug‘iga asosan “Xadichai Kubro” nomi berildi.

Taʼlim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinib, unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsatnomasi bilan diniy va umumtaʼlim fanlari uyg‘unligida taʼlim beriladi.

Taʼlim muassasasining maqsadi “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonun va taʼlim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplariga tayangan holda, dinlar tarixi va nazariyasini chuqur egallagan, islom dini asoslarini o‘zlashtirgan, insonparvarlik, xalqparvarlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalangan, o‘rta maxsus maʼlumotli islomshunos mudarrisalar, arab tili murabbiyasi, diniy maʼrifiy va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlarida ishlash uchun mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.

Shu kunga qadar taʼlim muassasasi 700 ga yaqin bitiruvchilarni yetishtirib chiqargan bo‘lib, ular yurtimizning turli jabhalarida faoliyat yuritmoqdalar. Masalan, mahalla o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, tuman hokimiyatlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat va tumanlardagi vakilliklarida ayol-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchi, uning yordamchilari lavozimlarida faoliyat yuritmoqdalar. Shuningdek, Toshkent islom instituti, Toshkent islom universiteti, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti va Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti kabi oliy taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyatini davom ettirmoqdalar.

Taʼlim muassasasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar va taʼlim to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi qaror va ko‘rsatmalari asosida olib boradi.

Taʼlim muassasasida yetakchi va katta o‘qituvchilar, fan nomzodlari hamda oliy maʼlumotli 30 ga yaqin ustozlar dars beradilar. Taʼlim muassasasi o‘qituvchilari Toshkent islom universiteti, Toshkent islom instituti hamda “Avloniy” nomidagi qayta tayyorlash markazlarida muntazam ravishda o‘z malakalarini oshirib bormoqdalar.

Taʼlim muassasasida o‘qish muddati 3 yil bo‘lib, 2017 yilda ayol-qizlar taʼlim muassasalari uchun o‘quv rejalar takomillashtirildi. Unga ko‘ra, ayol-qizlarni jamiyatdagi integratsiyalashuvini oshirish maqsadida diniy-maxsus fanlar tizimida ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha soatlar ko‘paytirildi. Jumladan, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari huquqiy asoslari, oila huquqi, oila psixologiyasi, yosh fiziologiyasi va gigiyenasi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish metodikasi kabi yangi fanlar kiritildi.

Taʼlim muassasasida talabalarning yetuk mutaxassis kadrlar bo‘lib yetishishi uchun kasbiy va fan to‘garaklari faoliyati jadallashtirildi. Xususan, arab tili, xatoba, aqoid, hadis va informatika kabi fan to‘garaklari olib borilmoqda. Qizlarni oilaga tayyorlash, qo‘shimcha hunar o‘rgatish maqsadida tikuvchilik, to‘quvchilik va oshpazlik to‘garaklari joriy etilgan. 2017-2018 o‘quv yilidan Qurʼoni karimni yodlash va qiroat qilish iqtidoriga ega talabalar uchun 10 yil davomida faoliyat olib borilayotgan “Qoriyalar to‘garagi” – “Tahfizul-Qurʼon” nomi ostida yana-da takomillashtirilmoqda.

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasi diniy taʼlim faoliyatini olib borish uchun zarur sharoitlar va moddiy texnik bazaga ega. Taʼlim muassasasi faoliyati O‘zbekiston musulmonlari idorasining Maxsus jamg‘armasi va talabalar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tushgan mablag‘lardan moliyalashtiriladi.

Telefon:
(+998) 71-299-24-11
Sayt:
www.xadicha.uz
Pochta:
xadichai_kubro@umail.uz
Manzil:
Toshkent shahri, Uchtepa tumani, O‘rikzor dahasi, Zarafshon ko‘chasi, 15-uy