Madrasa

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurtiga 1992 yil asos solindi. Bilim yurtiga Said Ahmad Vali Kulohdo‘z Xoja Buxoriyning nomi berilgan. U zot Bahouddin Naqshbandning zamondoshi va yaqin qarindoshi bo‘lib, Kitob shahrida yashab ijod etgan ulug‘ allomalardandir.Bilim yurti binosi ikki qavatli bo‘lib, 120 o‘ringa mo‘ljallangan. Bundan tashqari, ikki qavatli yotoqxona ham talabalar xizmatida.Yoshlarning islom dinini chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan talabini qondirishda mazkur bilim yurti alohida o‘rin tutadi. Talabalar har tomonlama bilim olishlari, zamon talabiga javob bera oladigan, o‘z kasbiy yo‘nalishlarini puxta egallagan mutaxassis bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yetarli.

Talabalarga tajvid, tafsir, hadis, fiqh, muxovara (so‘zlashish), nahv kabi mutaxassislik fanlari bo‘yicha oliy maʼlumotli yetuk mutaxassis saboq beradi. O‘quvchilar arab tilida so‘zlashuv uslubi, ingliz tili fanlari uchun alohida jihozlangan zamonaviy fan kabinetlarida bilimlarini mustahkamlaydilar.Talabalarning kundalik yangiliklardan xabardor bo‘lib borishlari uchun axborot-resurs markazi va o‘quv zali mavjud. Markazda jami o‘n mingdan ortiq kitob va o‘quv qo‘llanmalar bor.Bilim yurti jamoasi mustaqil O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiladigan, maʼnan yetuk, sof islom ilmlarini mukammal o‘zlashtirgan, Vataniga sodiq, xalqiga mehr-muruvvatli imom-xatib, boshlang‘ich arab tili murabbiyi, mahalla raisining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi kabi mutaxassislarni tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.Pedagog xodimlar uchun bilim yurtida uslubiyat xonasi mavjud bo‘lib, unda uslubiy shoʻbalar tashkil etilgan. Mudarris va o‘qituvchilar darslar yana-da samarali bo‘lishi uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ko‘rgazmali qurollardan unumli foydalanib kelishmoqda.

Bilim yurtida Qurʼoni karim va tajvid, informatika, xattotlik va arab tili fanlaridan to‘garaklar tashkil etilgan.Madrasa bitiruvchilari respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlarida bilimlarini yana-da mustahkamlash bilan birga, joylarda imom-xatib, imom noibi va mutavalli vazifalarida xizmat qilib, xalqimizga Islom dini taʼlimotlarini o‘rgatishdek sharafli ishga munosib hissa qo‘shishmoqda.

Telefon:
(+998) 75-542-74-25
Sayt:
xojabuxoriy.uz
Pochta:
info@xojabuxoriy.uz
Manzil:
Qashqadaryo viloyati, Kitob shahri, Zargarlik ko‘chasi, 4 uy