1-avgust kuni - Millat kelajagiga qarshi o‘yinlar

1-avgust kuni - Millat kelajagiga qarshi o‘yinlar

Yaqin-yaqingacha 1-avgust kelsa barchaning yuragi taka puka bo‘lardi.

Azim kent poytaxtimizda shu kuni go‘yoki xayot to‘xtagandek bo‘lardi, shahar xar taraflama yopilardi, erta tongdan uyali aloqa vositalari deyarli o‘chilardi, qandaydir xaos va vahima paydo bo‘lardi. Ustiga ko‘chalarga chiqqan og‘ir zirhli xarbiy mahsus texnika va qora niqobli askarlarning avtomat ko‘tarib yurishlari go‘yoki terrorchilar tahdidi borligidek tuyulardi, astag‘firulloh. Tuni bilan chekka tuman va olis qishloqdardan kelgan abituriyentlar o‘z Davlatining sevimli poytahti emas, o‘zga yurtning qahri qattiq imtihon poligoniga kelib qolgandek his qilishardi bamisoli, barchaga ham nafas olish og‘irlashardi hatto.

Shu bilan birga bu sanani bir yil tish tirnog‘i bilan kutadigan baʼzi bir ucharlarning kuni edi, yaʼni kartoshka pishiqchiligi yoki xosil bayrami deb atalardi. Kimlar uchun xursandchilik yana kimlar uchun alamli kun bo‘lar edi. Bir necha yillar mobaynida oliy taʼlimdagi qabul jarayonlaridagi nohaqliklar, turli “o‘yin”larni go‘yoki barchamiz bilar edi-gu, ammo hech qayerda lom-mim deya olmasdik. Eng achinarlisi katta hayotga katta umidlar bilan qadam qo‘yayotgan yoshlar bu nohaqliklarni ko‘rib, shu bosqichdan o‘tishga majbur ekanliklari taʼlimdagi fojiamiz edi. Eng achinarlisi ko‘chadagi ko‘z ko‘z qilinayotkan shovqinli xuo‘yorlikdan farqli ravishda OTM hududidagi sokin “bunkerlar”da barchaning taqdirlari xal bo‘lardi, oldindan “salom-alik” qilganlar ishi besh, ular byudjetga ilinishi uchun baland ballar qo‘yilardi, ammo buning oqibatida o‘qigan, bilimga chanqoq yoshlar ballari sunniy tushib ketar va bu ularni qabul qizil chizig‘i ortida, bortdan tashqariga tushib qolishga olib kelardi. So‘ng o‘qishga kirolmagan qora ko‘zlarimiz ichkarida ish topolmay o‘zga yurtlarda qora ishlarda ketishga majbur bo‘lishardi va buning asoratlari xali xanuzgacha seziladi.

1-avgust kuni oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiritish uchun “katta armiyaning to‘liq tarkibi” ishlar edi, rektor ro‘yxati- aloxida guruxlar shakllantirilar edi, bular uchun barchasi VIP, keyingisi bunkerlar tizimning eng asosiy og‘ir arteleriyasi, yaʼni fanlar blokining o‘qituvchilari jamlangan xona, o‘qituvchilar bir kun oldin bu xonaga barcha sharoitlarini xal qilib muxrlab qulflanib qo‘yilar edi. Bunkerga ishni yetkazishda faol ishtirok etuvchilar- maxsus yetkazuvchilar test markazi bino boshlig‘i, qavatlar rahbarlari, nazoratchi o‘qituvchilar xamda universitet xodimlari. Jarayonlar esa turli xil usullar orqali boshqarilardi. Qaysidir auditoriyaning tartib raqamlari oxirgi partalarga joylashtirilardi, bir xil rangdagi kiyimlardan, dastro‘mollardan yoki test varaqasida xatolar mavjudligidan foydalangan xolda ishlar olib chiqilib bunkerga yetkazilib ishlab qaytib olib kirib berilar edi. Bu jarayon 2015-2016 yillarda o‘zining eng yuqori cho‘qqilarga chiqqan paytlari edi, deyarli 80-90% ishlar bunkerlarda amalga oshirilgan. Qolgan ucharlar esa shpargalga, telefon yoki kuzatuvchi maqomida kirib bo‘lmaganda bitta blokni ishlab chiqib ketishardi. Yana bir qo‘l keladigan usul-bu “paravoz”lar edi. Aqlli kalla atrofida uch to‘rt nafar abituriyentni birlashtirish, bunda xam albatta tartib raqamlari yonma-yon qilib yopishtirilardi. Tasavvur qiling 1-avgustning o‘zida qancha mexanizmlar ishlatilar edi.

Nimaga erishdik, yoshlarimizga adolatni ko‘rsatdikmi, bilimli yoshlar qolib bilimsizlarga yo‘l ochdik, tabiiyki qabul kvotasi xam sunʼiy ravishda oshirilmay 2016 yilgacha 9%lik ko‘rsatkichda ushlab turildi, buning natijasida juda ko‘plab yoshlarimiz O‘zbekistonni tark etishdi. Oliy taʼlim tizimiga bo‘lgan ishonch yo‘qolib bordi.

Bugun esa bunday holatlar yo‘q. “1 avgust” o‘z qadrini yo‘qotgan.

2017 yildan boshlab, oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari tubdan isloh qilindi.

O‘tgan yetti yil mobaynida yoshlarning oliy taʼlimga qamrab olish ham 9 foizdan 43 foizga yetkazilgani hamda qabul jarayonlaridagi turli nohaqliklarga barham berilgani ham bugungi kunimizning yorqin voqeliklaridan biri desak, adashmaymiz. Mavjud 67 OTM soni 215 yetdi.

Bu yilgi qabul jarayonlaridagi o‘zgarishlar xam eng avvalo taʼlim sifatining oshishiga turtki bo‘ladi, chunki abituriyentlar oldida tanlov mavjud, har bir yuqori ball to‘plagan abituriyent eng avvalo taʼlim sifati xamda texnik bazasi yuqori bo‘lgan oliy taʼlim muassasasini tanlashi tabiiy. Bu esa o‘z navbatida oliy taʼlim muassasalarining taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan xaqiqiy poygasidan dalolat beradi, raqobat va eng muhimi adolat va xalollik paydo bo‘layotkanidan yaqqol darakdir!

Sherzodxon Qudratxoʻja – jurnalist, teleboshlovchi, siyosatshunos, siyosiy fanlar nomzodi, professor, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori

Teglar:

O'xshash xabarlar