Oliy ta'lim muassasasi

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi

O‘quv dargohining tarixi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining tarixi 1932 yili tashkil etilgan O‘rta Osiyo ishchi-dehqon militsiyasi katta boshliqlar tarkibi maktabiga borib taqaladi.

Taʼlim muassasasini yulga quyish uchun ikkita militsiya maktabi faoliyat yuritardi. Bular o‘rta va katta militsiya komandirlari tarkibini tayyorlovchi Samarqand hamda Qo‘qon maktablari edi. Ko‘p o‘tmay, Samarqanddagi maktab tugatilib, Qo‘qon maktabi Toshkent shahriga ko‘chirildi.

O‘quv mashg‘ulotlari uchun uch qavatli bino ajratildi. Maktab qoshida ishchi-dehqon militsiyasi shaxsiy tarkibini tayyorlash va qayta o‘qitish kurslari, doimiy uch oylik kurslar hamda militsiya inspektorlari guruhlari tashkil etildi. Ikkinchi jahon urushi yillari maktabda o‘qiyotganlar tarkibi asosan evakuatsiya qilingan xotin-qizlardan jamlandi. Ular ikkita vzvoddan iborat xotin-qizlar divizionini tashkil qilgan.

Urushdan keyin maktabda yana ikki yillik taʼlim tizimi yo‘lga qo‘yilib, o‘rta maʼlumotga ega bo‘lganlar o‘qishga qabul qilina boshlandi.

1947 yilda maktabda sirtqi bo‘lim ochildi. 1949 yil sentyabr oyida maktab SSSR Davlat xavfsizligi vazirligi ixtiyoriga o‘tkazildi va podpolkovnik I.Ismoilov unga boshliq etib tayinlandi.

1950 yildan maktab ixtisosligi o‘zgardi va bu yerda sotsialistik mulkni talon-toroj qilishga qarshi kurashish xodimlari tayyorlana boshlandi.

1952 yilda o‘quv dargohi sobiq Ittifoq Davlat xavfsizligi vazirligining O‘rta maxsus militsiya maktabi maqomini oldi. Chunki o‘sha yillari militsiya tizimini yuridik (huquqiy) maʼlumotga ega bo‘lgan xodimlar bilan taʼminlash zarurati paydo bo‘lgan edi. Maktabga o‘rta maʼlumotlilar qabul qilina boshlandi va 1954 yilda ilk bitiruvchilarga yurist (huquqshunos) diplomi berildi.

Keyinchalik maktabda militsiyaning barcha xizmatlari uchun oddiy va boshliqlar tarkibini boshlang‘ich tayyorlash va qayta o‘qitish kurslari muntazam ish olib bordi. O‘quv jarayonida ham bir qator yangiliklar joriy etildi. Maktabning moddiy bazasi kuchaytirildi. Adabiyotlar fondi boyitildi, xonalar tegishli ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlandi. Mashg‘ulotlarda maʼruza bilan birga, amaliy mashg‘ulotlarga ham katta eʼtibor qaratildi.

1958 yilda maktab qoshida RSFSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi Moskva oliy maktabi sirtqi taʼlim fakultetining bo‘linmasi tashkil qilindi. Chunki o‘sha yillari nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni respublikalarda ham militsiya xodimlariga talab oshdi. 1961 yili sirtqi bo‘limni 48 nafar bitiruvchi tamomladi.

Oradan uch yil o‘tib bo‘linma Toshkent sirtqi taʼlim fakultetiga aylantirildi. Fakultetda uchta kafedra (maxsus, yuridik va ijtimoiy fanlar), shuningdek rus va chet tillari seksiyasi tashkil etildi. 1964 yilning sentyabr oyida fakultet qoshida kechki bo‘lim ochildi. Biroq sobiq Ittifoq respublikalarida kadrlarga ehtiyoj hamon yuqori darajada edi.

Shu sababli 1967 yilda sobiq Ittifoq Jamoat tartibini saqlash vazirligining Toshkent oliy militsiya maktabi tashkil etildi. O‘quv dargohiga general-mayor Tojiddin Azimovich Jalilov boshliq etib tayinlandi. Ilk o‘quv yilida unga 85 kishi qabul qilindi. O‘qish muddati to‘rt yil etib belgilandi.

Oradan bir yil o‘tib, Dushanbe va Ashxobod shaharlarida maktabning o‘quv- maslahat punktlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Asosiy eʼtibor kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ichki ishlar organlari xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish borasidagi kasb mahoratini yuksaltirishga qaratildi. Oliy maktabning moddiy-texnik bazasi yana-da yaxshilandi, yangi bino va inshootlar barpo etildi.

Toshkent viloyatida harbiy-dala o‘quv poligoni barpo etish uchun joy ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi. Ko‘p o‘tmay, bir nechta binolar, yotoqxona, oshxona, saf maydoni, klub, sport majmui va boshqa obyektlar qurilib, foydalanishga topshirildi.

1971 yilda kunduzgi taʼlimning 32 nafar ilk bitiruvchilari Oliy maktabni muvaffaqiyatli tamomladi. Yangi o‘quv yilida maktabga qabul qilinuvchilar soni ikki baravar ko‘paytirildi. Malaka oshirish kurslari esa fakultetga aylantirildi. Unda har yili 200 nafarga yaqin xodim taʼlim oldi.

1979 yili taʼlim muassasasi boshlig‘i Tojiddin Jalilov tashabbusi bilan maktabda Malaka oshirish fakulteti tashkil etildi. Fakultetning maqsadi ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy malaka va ko‘nikmalarini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash edi. Bu davrda maktab hududida o‘quv binolari va inshootlari barpo etildi.

80-yillar o‘rtalariga kelib maktabda kunduzgi va sirtqi taʼlim hamda malaka oshirish fakultetlari, dariy (forsiy) tili tarjimonlarini tayyorlash maxsus fakulteti, yong‘inga qarshi texnika va xavfsizlik muhandislari fakulteti faoliyat ko‘rsata boshladi. Keyinchalik yong‘inga qarshi texnika va xavfsizlik muhandislari fakulteti maktab tarkibidan chiqarildi.

General-mayor Nikolay Ivanovich Ojiganov 1984 yildan 1992 yilgacha Toshkent Oliy militsiya maktabiga rahbarlik qildi. Ushbu yillarda ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi hamda o‘quv jarayonini moddiy-texnik va metodik jihatdan taʼminlash ishlari har tomonlama mustahkamlandi.

N.Ojiganov rahbarligida 1984 yili sirtqi taʼlim fakulteti tinglovchilari uchun yangi o‘quv binosi hamda mehmonxona qurilishi boshlanib, bir yildan so‘ng mazkur inshoot foydalanishga topshirildi. Uning tashabbusi bilan 1988 yilda havo transportida garovga olingan yo‘lovchilarni ozod qilish bo‘yicha aksilterror

o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish maqsadida V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasidan YAK-40 rusumli samolyotning asl maketi olib kelinib, O‘quv poligoniga o‘rnatildi.

Taʼkidlash joizki, 1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan 1989–1990 o‘quv yilidan boshlab IIV Toshkent oliy maktabi tinglovchilari uchun o‘zbek tilida taʼlim beriladigan o‘quv guruhlari tashkil etildi. O‘zbek tili o‘qituvchilariga ehtiyoj borligi uchun tillar kafedrasining shtatlari ko‘paytirildi. Ayni shu davrdan oliy maktab tarixida ilk bor o‘zbek tilidagi o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar (darslik, o‘quv qo‘llanma, lug‘atlar, uslubiy qo‘llanmalar va boshq.) nashr etila boshlandi.

XX asrning 80-yillarida oliy maktabning Maxsus fakultet bazasida Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi uchun maslahatchilar hamda tarjimon kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham faol ishlar olib borildi. 1988 yildan mustaqillikka qadar oliy maktabning 100 dan ortiq tinglovchilari Rossiya, Ukraina, Belarus va boshqa respublikalarning Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga yuborildi. Shu bilan birga, oliy maktabning o‘zida sobiq

Ittifoqdagi turdosh taʼlim muassasalaridan tinglovchilar o‘qitildi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritganidan keyin ko‘p sohalar qatori ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimi tubdan o‘zgardi. 1992 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko‘ra, Toshkent oliy militsiya maktabi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. Taʼlim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Oliy maktabi maqomini oldi. 1992 yil 1 avgustda unga polkovnik Ubaydulla Tadjixanov boshliq etib tayinlandi.

O‘sha yillari maktabda 14 ta kafedra faoliyat yuritar, o‘quv binolari va mashg‘ulot xonalari taʼmirga muhtoj edi. O‘quv yurti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari tarkibi zimmasiga taʼlim tizimini takomillashtirish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganib taʼlim jarayoniga tatbiq etish, maktabning moddiy-texnik bazasini yana-da yaxshilash vazifalari yuklatildi. Ana shu maqsadda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Maktab hududi obodonlashtirilib, ko‘rkam inshootlar barpo etildi, mavjudlari taʼmirlandi.

90-yillar boshida, mustaqillikka erishilishi munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalarida izchil islohotlar amalga oshirildi.

Taʼlim muassasasi mustaqillik yillarida

1994 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Ichki ishlar vazirligining Oliy va O‘rta maxsus maktablari negizida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tashkil etildi. Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlari va bo‘linmalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning kompleks tizimini tashkil etish maqsadida Akademiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

– ichki ishlar organlarining oliy boshliqlar tarkibini tayyorlash;

– tanlov asosida ikki bosqichda ichki ishlar organlarining oliy va o‘rta yuridik maʼlumotli boshliqlar tarkibini tayyorlash;

– huquq-tartibotni muhofaza qilish muammolarini tadqiq etish;

– ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

O‘tgan yillar mobaynida Akademiya mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biriga aylandi. Bunda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga qodir, ona Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan, har tomonlama yetuk, bilimli, jismonan chiniqqan, ruhan tetik, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi munosib kurasha oladigan kadrlar yetishtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘quv dargohining moddiy-texnik bazasi davr talablari darajasida yana-da mustahkamlandi. Yangi o‘quv binolari qurildi, zamonaviy auditoriyalar, mutaxassislik kafedralari uchun maxsus kabinetlar, sport inshootlari va boshqa obyektlar barpo etildi, mavjudlari rekonstruksiya qilindi. O‘quv-taʼlim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalar joriy qilinib, o‘quv xonalari zarur jihozlar bilan taʼminlandi.

Akademiya professor-o‘qituvchilari jamoasining saʼy-harakatlari bilan nafaqat mutaxassislik, balki ijtimoiy-gumanitar fanlardan ham yuzlab darslik, qo‘llanma va maʼruzalar kurslari tayyorlandi.

Huquqshunoslik va boshqa fanlarning dolzarb muammolari tadqiq etilgan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Ularning natijalari ichki ishlar organlari amaliy faoliyatiga tatbiq etildi. Rivojlangan mamlakatlar oliy taʼlim muassasalari bilan o‘zaro tajriba almashish va ilmiy-pedagogik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratildi.

Mustaqillikka qadar taʼlim muassasasida 5 nafar fan doktori va 47 nafar fan nomzodi faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi yillarda Akademiyada ilmiy salohiyat ancha oshdi. Izchil islohotlar samarasi o‘laroq, ichki ishlar organlari uchun oliy maʼlumotli huquqshunos kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.

General-mayor U.Tadjixanovdan so‘ng, Akademiyaga polkovnik X.Zokirov, general-mayor T.Mullajonov, polkovnik A.Yakubov, polkovnik T.Saitbayev va boshqalar rahbarlik qilishdi. 2016 yil dekabr oyidan Akademiyaga ichki ishlar organlarida samarali faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha ulkan tajribaga ega general-leytenant B.A.Matlyubov boshchilik qilmoqda.

Bugungi tez o‘zgarayotgan davrda xalqimizning tinch va osoyishta hayot kechirishini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalari o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri, shubhasiz, ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish faoliyatini takomillashtirishdir.

Shu jihatdan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 29 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga tashrifi tarixiy voqea bo‘ldi. Mazkur tashrif davomida o‘quv dargohining nufuzi va maqomini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, bir so‘z bilan aytganda, Akademiyani butunlay yangi o‘quv muassasasiga aylantirish ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Prezidentimizning «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (2017 yil 16 avgust) qarori sohaning huquqiy asoslari yana-da mustahkamlanishiga xizmat qildi. Mazkur qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning tasarrufidagi taʼlim muassasalariga quyidagi sakkizta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha eng muhim masalalarni hal qilish asosida ichki ishlar organlari kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish vazifasi yuklatildi:

birinchidan — xodimlarni, shu jumladan ularni xizmat faoliyatidan ajralmagan holda o‘qitish va maxsus kasbiy tayyorlash, majburiy qayta tayyorlash va doimiy malakasini oshirib borishning ichki ishlar organlari kadrlar salohiyatini oshirishga imkon beradigan sifat jihatdan yangi tizimini tashkil etish;

ikkinchidan — yoshlarda ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan dastlabki kasbiy bilim, yuksak vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan idoraviy oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash bo‘yicha samarali tartibni joriy etish;

uchinchidan — asosiy qismi sohaviy fanlarni o‘qitishdan tarkib topgan, shuningdek hududiy ichki ishlar organlariga bevosita chiqishni va tergov-tezkor tadbirlarini o‘tkazishda ishtirok etishni nazarda tutgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etishni o‘z ichiga olgan yangilangan taʼlim standartlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va kiritish;

to‘rtinchidan — taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilar tarkibini malakali ilmiy-pedagogik, birinchi navbatda sohaviy fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan kadrlar bilan jamlash, nazorat va huquqni muhofaza qilish organlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni o‘quv jarayoniga keng jalb etish;

beshinchidan — o‘qitishning zamonaviy shakl va usullarini, eng yangi pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni, shu jumladan situatsion mashg‘ulotlarni, masofadan o‘qitish tizimini keng joriy etish, taʼlim oluvchilar va o‘qituvchilarning global axborot-huquqiy va taʼlim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash;

oltinchidan — idoraviy taʼlim muassasalarida o‘qitish yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini amaliyot ehtiyojini hamda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatini takomillashtirish istiqbollarini inobatga olgan holda tizimli ravishda maqbullashtirish;

yettinchidan — ichki ishlar organlari faoliyatida, birinchi navbatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv faoliyati va jinoyatlarni tergov qilish sohasida mavjud bo‘lgan muammolar bo‘yicha fundamental va amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi samaradorligini oshirish;

sakkizinchidan — yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish, hamkorlikdagi taʼlim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar tarkibini, xorijiy tillarni o‘qitishni nazarda tutgan holda, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish orqali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasi bo‘lgan Akademiyada kadrlar salohiyatini oshirishga imkon beradigan, sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim tashkil etildi. Taʼlimning sirtqi shakli joriy etilib, unda «Jinoyatchilikning oldini olish va ularni fosh etish faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha “yurist” malakasini berish belgilandi. Rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetida «Ichki ishlar organlarida boshqaruv faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha “menejment” malakasi berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tashkil etilib, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida ichki ishlar organlarining serjant va ofitserlar tarkibi xodimlarini maxsus kasbiy tayyorlash, shuningdek qayta tayyorlash va malakasini oshirish vazifalari belgilandi. Taʼlim jarayonida mutaxassislik fanlarini ko‘paytirish, yangi taʼlim yo‘nalishlarini joriy etish, mutaxassislik kafedralarining faoliyatini maqbullashtirish maqsadida kunduzgi taʼlimda mutaxassislik kafedralari soni oltitaga yetkazildi.

Akademiya tuzilishi zamon talablari asosida takomillashtirildi. Ichki ishlar vazirligi oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan shaxslarning huquqiy maqomi mustahkamlanib, Ichki ishlar vazirligi oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi taʼlim shakliga o‘qishga kirgan shaxslarga – kursant, Sirtqi taʼlim va Kasbiy tayyorgarlik hamda Rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetlariga o‘qishga kirgan, shuningdek o‘quv markazlariga yuborilgan shaxslarga tinglovchi maqomlari beriladigan bo‘ldi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibi, tadqiqotchilar va kursantlarni xorijiy ilmiy-maʼrifiy tadbirlar va seminar-treninglarda ishtirok etishga, tajriba almashishga, xorijiy taʼlim muassasalarida malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun tayyorlash maqsadida Chet tillar markazi tashkil etildi.

Ilmiy-amaliy tadqiqotlarni jadallashtirish, tizimli ravishda metodik va amaliy qo‘llanmalar, tavsiyalar ishlab chiqish, respublikada shov-shuvga sabab bo‘lgan o‘ta murakkab jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda ichki ishlar organlariga ko‘maklashish maqsadida Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlim fakulteti tashkil etildi.

Hozirgi paytda Akademiyada yuridik fanlarning «12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Maʼmuriy huquq. Moliya va bojxona huquqi», «12.00.08 – Jinoyat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi» va «12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi» ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar samarali faoliyat yuritmoqda.

Yana bir yangilik, 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab Akademiya kunduzgi taʼlim shakliga qabul faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari tarkibidan amalga oshirilishi belgilandi. Akademiyada o‘quv-tarbiya, ilmiy-tadqiqot jarayonlari va moddiy-texnika bazasining huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Kursantlarning o‘z ustida ishlash tizimini takomillashtirish maqsadida Akademiyada o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha elektron darsliklar yaratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini chuqur o‘rganishga qaratilgan sayyor amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish uchun Akademiya kursantlari Toshkent shahrining barcha tumanlariga sektorlar kesimida ichki ishlar organlarining tayanch punktlariga biriktirildi. Mutaxassislarni tayyorlashda amaliyot organlarining yuqori malakali mutaxassislari hamda mavjud moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish maqsadida Toshkent shahar va tuman ichki ishlar organlarida Akademiya mutaxassislik kafedralarining 12 ta filiali tashkil etildi. 2017 yildan boshlab kursantlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, kelgusida xizmat faoliyatini olib boradigan hududning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish va jamoaga tez kirishib ketishlarini taʼminlash maqsadida ish o‘rganish amaliyoti hududiy ichki ishlar organlarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Yoshlar – mamlakatimiz tayanchi, ertangi kunimiz bunyodkorlari. Yosh xodimlar va kursantlar bilan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil hamda samarali amalga oshirish ishlari tizimli ravishda joriy etib kelinmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Akademiyadagi boshlang‘ich tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Akademiyada yetakchi xorijiy mamlakatlar politsiya taʼlimi tajribalarini chuqur o‘rganish va ular bilan hamkorlik qilish ishlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Ana shu maqsadda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Belarus Respublikasi va boshqa davlatlarning taʼlim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash va o‘zaro tajriba almashish borasida izchil hamkorlik o‘rnatilgan.

Hozirgi paytda Akademiyada O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi hukumatlari o‘rtasidagi kelishuv asosida Situatsion poligon hamda Modulyatsiya va simulyatsiya markazini o‘z ichiga olgan inshoot barpo etilmoqda. Mazkur inshootning vazifasi Akademiya tinglovchi va kursantlariga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha chuqur amaliy taʼlimni shakllantirish hamda kelajakda o‘z xizmat vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishga imkon beradigan kasbga oid malaka va ko‘nikmalarni hosil qilishdan iborat. Eʼtiborli jihati shundaki, inshoot foydalanishga topshirilgach, Markaziy Osiyoda shu kabi o‘quv obyektining yirik va yagona markaziga aylanadi.

Muxtasar qilib aytganda, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida malakali kadrlar tayyorlash jarayoni izchil islohotlar asosida davom ettirilmoqda. Bu esa yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir oliy malakali mutaxassis kadrlar safini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Telefon:
(+998) 71-265-22-52
Sayt:
Pochta:
info@akadmvd.uz
Manzil:
Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Intizor ko‘chasi, 68 uy

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Mutaxassisliklar

Fakultetlar, kirish ballri, kvotalar
# Mutaxassislik Shifr Ta'lim turi