Oliy ta'lim muassasasi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlaridanoq prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish bilan bir qatorda prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yilning 24 yanvarida “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi 33-son Qarori qabul qilindi va unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi huzurida “Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish Markazi” tashkil etildi. Ushbu Markazga prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirishdan tashqari ilmiy faoliyat olib borishi ham belgilangan, shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 1994 yil 20 dekabrdagi 869-son buyrug‘iga asosan Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlarining malakasini oshirish Markazining Ilmiy kengashi tuzilgan.

O‘tgan yillar davomida respublikamizda amalga oshirilgan islohotlar ushbu markaz faoliyatini takomillashtirishni taqozo etdi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yilning 7 noyabridagi PQ-727-son Qaroriga ko‘ra, ushbu markaz negizida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari tashkil etildi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi ustuvor yo‘nalishlari hamda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash vazifalari prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish tizimini yana-da takomillashtirish zaruriyatini davrning o‘zi taqozo etdi.

O‘tgan davr mobaynida huquqni qo‘llash holatini kompleks tahlil qilish, qonun buzilishlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini taʼminlash, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan prokuratura organlari xodimlarini zarur bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish borasida muayyan taʼlim va ilmiy salohiyat shakllantirildi.

Shu bilan birga, prokuratura organlari faoliyatining mutlaqo yangi yo‘nalishlari belgilanganligi, ularning amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlardagi o‘rni kuchaytirilganligi yuklatilgan vazifalarni samarali bajara oladigan munosib kadrlar tarkibini shakllantirishni talab etdi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 8 maydagi PF–5438-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi etib qayta tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Akademiya o‘z vakolatlari doirasida faoliyatini Bosh prokuraturaning tarkibiy tarmoqlari, quyi prokuraturalar, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari, taʼlim va ilmiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Akademiya:

  • prokuratura organlari xodimlarini, shu jumladan, ishdan ajralmagan holda tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni;
  • “magistr” darajasi bergan va davlat namunasidagi diplom topshirgan holda byudjet va to‘lov-kontrakt asosida kadrlarni tayyorlashni;
  • prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlashni;
  • prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlariga zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlashni;
  • qisqa muddatli dasturlar asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirishni;
  • qonunchilikka muvofiq oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni;
  • milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda o‘quv, uslubiy, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy faoliyatning barcha turlarini;
  • professor-o‘qituvchilar, xodimlar va tinglovchilarni davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari, shuningdek, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga, shu jumladan, xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborishni;
  • noshirlik faoliyatini amalga oshiradi.

Akademiyada kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlari belgilangan tartibda byudjet va to‘lov-kontrakti asosida amalga oshiriladi.

Akademiyaning asosiy maqsadi prokuratura organlari xodimlari va boshqa kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil etish hamda fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishdan iborat.

Telefon:
(+998) 71-202-04-96
Sayt:
proacademy.uz
Pochta:
info@proacademy.uz
Manzil:
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi, 42 uy

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Mutaxassisliklar

Fakultetlar, kirish ballri, kvotalar
# Mutaxassislik Shifr Ta'lim turi