Tarix fanidan kirish imtihonida qanday savollar tushadi?
Abituriyentlar uchun kirish imtihonlariga tayyorgarlik jarayonida test savollarining qaysi mavzulardan tuzilishini bilish muhim hisoblanadi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tarix fanidan test topshiriqlari mutaxassislik testi va majburiy test shaklida tuziladi.
Mutaxassislik testida savollar bir nechta asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi. Jumladan, siyosiy tarix bo‘yicha Qadimgi Sharq, Yunoniston va Rim, Qadimgi O‘rta Osiyo, Amir Temur va temuriylar davri, Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari, shuningdek, jahon davlatlari hamda eng yangi tarixga oid mavzulardan savollar beriladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy tarix yo‘nalishida esa yer egaligi, savdo aloqalari, Buyuk Ipak yo‘li, sanoat jamiyati, sovet davridagi islohotlar va mustaqillik davri iqtisodiyoti kabi mavzular qamrab olinadi.
Shuningdek, mamlakatlar madaniyati bo‘yicha qadimgi sivilizatsiyalar madaniyati, temuriylar davri ilm-fani, jadidchilik harakati hamda mustaqillik davridagi ma’naviy merosga oid savollar tushishi mumkin.
Majburiy testda esa asosan O‘zbekiston tarixi bo‘yicha savollar beriladi.
Unda qadimgi davrga oid ilk davlatlar, zardushtiylik, Yunon-Baqtriya davlati va Kushon podsholigi kabi mavzular muhim o‘rin tutadi.
O‘rta asrlar bo‘yicha arab xalifaligi, Somoniylar davlati, Amir Temur va temuriylar davri, XVI–XIX asrlardagi Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari tarixiga oid savollar kiritiladi.
Rossiya imperiyasi bosqini davri, Turkiston general-gubernatorligi, jadidchilik harakati va 1916-yil qo‘zg‘olonlari ham test savollarida uchrashi mumkin bo‘lgan mavzular sirasiga kiradi.
Sovet davri va mustaqillik yillariga oid savollar esa O‘zbekiston SSR tarixi, qatag‘on siyosati, mustaqillikning e’lon qilinishi va 1991-yildan keyingi rivojlanish jarayonlarini qamrab oladi.
Test topshiriqlari faqat oddiy savol-javob shaklida emas, balki xarita, jadval, mantiqiy ketma-ketlik va Eyler-Venn diagrammasi ko‘rinishida ham berilishi mumkin.
Shu bois abituriyentlar tarix faniga tayyorlanishda faqat sanalarni yodlash bilan cheklanmasdan, voqealar sabab-oqibatini, davrlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni va tarixiy jarayonlarni tahlil qilishga ham e’tibor qaratishi lozim.
Tarix fanidan yuqori natija ko‘rsatish uchun siyosiy tarix, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, madaniyat tarixi hamda O‘zbekiston tarixining asosiy bosqichlarini tizimli ravishda takrorlash tavsiya etiladi.