Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimi ayolga jinsiy aloqa evaziga lavozim taklif qildi

Erkak ayolga jinsiy aloqa taklif etib, evaziga sertifikat olib berishni hamda maktabga direktor qilib qo‘yishini aytgan. Vazirlik ushbu xodim lavozimidan ozod qilinganini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimi H.H.ga tegishli ekani aytilgan audio yozuv tarqaldi.
Audio yozuvda erkak ayol kishiga qarata sog‘inganini aytgan va jinsiy aloqa taklif qilgan. So‘ngra sertifikat olib berishini bildirgan.
“Sertifikatni olib beraman. Hasan akang bor, qo‘rqma. Keyin o‘zim seni bir yaxshi maktabga direktor qilib qo‘yaman. Direktor bo‘lishingga o‘zim yordam beraman”, degan erkak.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, mazkur xodim lavozimidan ozod qilingan.
“Ushbu vaziyat ishtirokchisi bo‘lgan vazirlik xodimi lavozimidan ozod etilgan. Aytish lozimki, vazirlik sohaga doir korrupsion holatlar hamda manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshi. Shuningdek, tizimda mehnat qilayotgan barcha xodimlarning kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etishi tarafdori”, deyiladi munosabatda.
Vazirlik shu kabi noqonuniy vaziyatlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanishini ma’lum qilgan.