«O‘zbekona konspekt» yoxud o‘zbek talabalarining havoga sovurilgan (sovurilayotgan) umrlari haqida

«O‘zbekona konspekt» yoxud o‘zbek talabalarining havoga sovurilgan (sovurilayotgan) umrlari haqida

Maqtanish emas, sanoqli «4» baholarimni hisobga olmasa, har doim «5» bahoga o‘qiganman. Shundan kelib chiqib, nazariy jihatdan, Jahon tillari universitetini «Qizil diplom»ga tugatgan paytimda men fransuz tilini kamida fransuzlarday bilishim kerak edi. Lekin Fransiyaning Siyosiy fanlar institutiga o‘qishga kirib, u yerga o‘qishga borgachgina men o‘zimning asl darajamni anglab yetganman...

Fransiyaning oliy ta’lim muassasalari orasida Siyosiy fanlar instituti alohida o‘rin tutadi. «Boylar»ni, «burjuylar» va «mansabdorlar»ni yoqtirmaydigan ayrim fransuzlar bu oliygohni «faqat elita uchun kadrlar tayyorlovchi» oliygoh deb «kamsitib» ataydilar, ammo men ishonch bilan aytishim mumkinki, bu oliygoh sifat va saviya jihatidan nafaqat Fransiyadagi, balki dunyodagi ko‘plab oliygohlarga o‘rnak bo‘la oladi.

U yerda men (shaxsiy kuzatuvim) ikkita «qoida»ning guvohi bo‘ldim : 1. Sen chet ellikmisan yoki fransuzmisan, buning ahamiyati yo‘q. Hujjat topshirib, o‘qishga kirdingmi, endi o‘qiysan. Masalan, tilni yaxshi bilmasliging bu sening shaxsiy muammoying. 2. Sen bilimlimisan yoki bilimsizmisan, buning ahamiyati yo‘q. O‘qishni eplayman, deb ishontirib kirdingmi, endi o‘qiysan. Masalan, o‘tilayotgan fanlarni oldin o‘tmaganliging bu sening muammoying. O‘qiy olmasang, Xayr!...

... O‘zbekistonda oliygohda o‘qigan paytlarimizda men bitta narsani, ya’ni «konspekt»ni yomon ko‘rar edim. Chunki bizlar (talabalar) birinchi kursdan to‘rtinchi kursgacha (ba’zan undan keyin magistraturada ham) birinchi paradan oxirgi paragacha deyarli har doim konspekt yozishga majbur edik. Konspekt yozmagan talabalar darsga kiritilmasligi yoki ularga «NB» (darsada qatnashmagan) qo‘yilishi mumkin edi. Konspekt daftari semestr oxirida — «Sessiya» paytida so‘ralishi mumkin edi va konspekt yozmagan talabalar yomon baholar olishlari mumkin edi.

O‘zi «konspekt» nima? «Konspekt» so‘zi aslida biron mavzuning qisqacha mazmuni, bayoni degan ma’noni bildiradi. Shundan kelib chiqib, konspekt yozish yomon emas, aksincha ijobiy amalday tuyuladi.

Ammo konspektning o‘zbekcha varianti mavzuning qisqacha mazmuni yoki bayonini emas, balki dars parasining boshidan oxirigacha domla kitobdan o‘qib, «diktant» qilib yozdiradigan va talabalar yozib olishlari majburiy bo‘lgan matnni bildiradi. Konspekt yozib kelish (kitobdan ko‘chirib kelish) uyga ham vazifa qilib berib yuborilishi mumkin. Ya’ni «karikatura» qilib aytiladigan bo‘lsa, o‘zbek talabalari bilim olish va savod chiqarishning o‘rniga, birinchi kursdan oxirgi kursgacha o‘qishni 5-sinf o‘quvchisiga o‘xshab «diktant» yozib o‘tkazadilar. Eng yomoni, u «diktantlar» yoziladimi yoki yozilmaydimi, o‘qiladimi yoki o‘qilmaydimi, asosiysi, ular doim majburiydir. Shu tarzda DOMLAlar (barchasi emas) ortiqcha mehnat qilmasdan oyligini olaveradilar, TALABAlarning umrlari esa diktant yozish darajasida qolib ketaveradi.

Shuning uchun men «o‘zbekcha konspekt»ning g‘oyasiga har doim prinsipial qarshi bo‘lib kelganman. Darslarda domlalarimizga «Konspekt yozmayman, lekin istagan paytingizda savol bersangiz mavzuni gapirib beraman» deb shart qo‘yar edim. Ayrim domlalarimiz mening «nohaqligim»ni isbotlash uchun rosa uringan paytlari ham bo‘lgan. Xudoga shukurki, ularning hech birlariga meni «mot» qilish nasib etmagan…

… Parij Siyosiy fanlar institutida o‘qishlar boshlangach, men o‘zimni o‘zga dunyoga tushib qolganday his qilganman. U yerdagi hech narsani bilmayman va tushunmayman. Darslarimiz ikki xilda bo‘lardi: katta zalda umumiy o‘tiladigan (bizdagi «leksiya») va sinflarda alohida o‘tiladigan darslar. Sinflarda o‘tiladigan darslarda domlalarimiz faqatgina birinchi darsdagina dars o‘tganlar. O‘sha darsda ular bizga bir semestrga oid mavzularni bo‘lib berib, qo‘limizga ikki varaq adabiyotlar ro‘yxatini tutqazganlarda, «keyingi darsdan boshlab endi sizlar gapirasizlar» deganlar.

Men ularni hazillashyapti deb o‘ylasam, ular rost aytgan ekanlar. Shu bilan semestrning oxirigacha, bizlar (talabalar) adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qib, internetdan va boshqa joylardan ma’lumotlar topib, har bir darsga tayyorlanib kelar edik va mavzuni navbatma-navbat o‘zimiz gapirishimiz kerak bo‘lar edi. Domlalarimiz esa faqat bizni eshitar va baholab borar edilar, xolos. O‘shanda, mehnat qilib o‘qiydigan o‘qishdan charchagan paytlarimda menga «diktant yozib o‘qiydigan» o‘qishning qadrlari bilinib ketar edi.

Katta zaldagi umumiy darslarda esa, domla oldidagi mikrofonga to‘xtamasdan gapirib ketaverardi, bizlar hohlasak o‘zimizga «konspekt yozib olishmiz» (yoki yozib olmasligimiz) mumkin edi. Mana bunday konspekt yozishni konspekt yozish desa bo‘lardi. U konspektni olsangiz ham, olmasangiz ham hech kimning ishi yo‘q edi. Domla diktant qilib ham yozdirmasdi, takrorlamasdi ham, sessiyaning oxirida «Konspekt daftaring qani?» ham demasdi. Konspekt bu talabaning shaxsiy muammosi edi. Yoza olsang o‘zinga foyda, yoza olmasang darslarni qayerdan o‘rgansang topib o‘rganaverasan.

Shaxsan men adabiyotlar ro‘yxati bilan mustaqil yoki guruhda ishlashga va domla gapirib ketaveradigan darsda konspekt olishga o‘rgangan emas edim. Buni menga bakalavrda ham, magistraturada ham o‘rgatgan emaslar. Bizga faqat «diktant» yozdirganlar. Bir semestr davomida boshini kitobdan ko‘tarmasdan diktant yozdirgan domlalarimiz ham bo‘lgan. Shu sababdan, Parijdagi o‘qishimning ilk semestrlari juda qiyin kechgan. Men o‘zimizda, O‘zbekistonimizda ham darslar xo‘jako‘rsinga, «diktant yozdirish» shaklida emas, balki talabalarni bilim olishga chorlaydigan va yangiliklar izlashga, yaratishga intiladigan shakllarda o‘tishini orzu qilaman.

O‘zbekiston ta’lim tizimidagi talabalarni savodsiz qilib, ularning umrlarini ko‘kka sovuradigan ikkita illatning birinchisi «ko‘chirmachilik» bo‘lsa, ikkinchisi «o‘zbekcha konspekt»dir. Agar kelajakda talabalarimiz 4 yoki 6 yil o‘qib, oxirida faqat «diktant» yozishni o‘rganib (o‘shanda ham o‘rgansalar) bitiradigan mutaxassislar bo‘lishlarini xohlamasak, bir kun kelib, biz albatta «o‘zbekcha konspekt» illatidan voz kechishimiz va uning o‘rniga darslarimizda samaraliroq metodlarni qo‘llashimiz kerak bo‘ladi.


Manba: xabar.uz

Teglar:

O'xshash xabarlar