Xivada Xitoy universiteti filiali ochilishi rejalashtirilmoqda
Xitoyning Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Filial Xiva shahrida joylashadi va unda to‘rtta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Bu masala Prezident Shavkat Mirziyoyevga 28-sentabr kuni oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar doirasida muhokama qilindi.
Qaysi yo‘nalishlar ochiladi?
Rejaga ko‘ra, Lyaonin pedagogika universitetining Xivadagi filialida quyidagi yo‘nalishlar tashkil etiladi:
-
xalqaro xitoy tili ta’limi;
-
xalqaro biznes;
-
turizm boshqaruvi;
-
sun’iy intellekt.
Filialda ta’lim o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Bitiruvchilarga esa O‘zbekiston va Xitoyda tan olinadigan diplom berilishi rejalashtirilgan.
Ta’lim qachondan boshlanadi?
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, filial faoliyatini va ta’lim jarayonini 2026/2027-o‘quv yilida boshlash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, filial va O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida akademik hamkorlikni rivojlantirish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Lyaonin pedagogika universiteti pedagogika yo‘nalishidagi Xitoy oliygohlaridan biri bo‘lib, psixologiya, xitoy tili filologiyasi va ta’lim fanlari bo‘yicha tajribaga ega.
Taqdimotda filialda ta’lim sifati va qabul jarayonlarini puxta tashkil etish zarurligi ham qayd etildi.