Xotirani qanday yaxshilash mumkin?

Xotirani qanday yaxshilash mumkin?

Juda ko‘p o‘smirlar, yigit-qizlar xotirasi yaxshi emasligidan noliydi. Bu holat yoshi kattalarda kuzatilsa, uncha e’tibor berilmaydi. Lekin yoshlarning xotirasi sustligi ancha tashvishlanarli holat. Bu narsa faqat sog‘lik bilan bog‘liq emas. To‘rt muchasi sog‘, tetik bolalar ham ba’zida darslarni o‘zlashtirishga, o‘qituvchilar yoki ota-onalarining topshiriqlarini bajarishga qiynaladi. Bunga esa, ko‘pincha aqliy mehnatning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, miyaning keraksiz axborotlar bilan to‘lgani sabab bo‘ladi. Mutaxassislar xotirani yaxshilash uchun bir nechta usullarni taklif etadi. Ularga to‘lasicha amal qilish kutilgan natijaga tezroq yetishish imkonini beradi. Quyida shu usullardan ayrimlari sanab o‘tiladi. Ularni o‘zingizda sinab ko‘ring, samarasi bo‘lishi aniq:


1. Yaxshi badiiy kitob o‘qing.

Albatta, televizor ko‘rish, internetda o‘tirish yoki kompyuterda o‘yin o‘ynashni bir chetga yig‘ishtirib, kitob o‘qishga kirishish juda qiyin masala. O‘zingizda bunga kuch topish uchun esa, bitta narsaga oydinlik kiritib oling: sizga qay biri muhim – xotira qobiliyatingizni rivojlantirishmi yoki qoloq o‘quvchi bo‘lib qolishmi? Ertaga kollej-litseylarga, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish vaqti keladi. Agar bugun to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun irodangiz yetmasa, keyin afsus-nadomat chekasiz, xolos.

Albatta, kitob o‘qishda ham me’yor bo‘ladi. Dam olishni yig‘ishtirib, faqat mutolaa bilan shug‘ullansangiz, bu narsa bora-bora joningizga tegishi mumkin. Shu sababli o‘lchovni bilish zarur. Kitob tanlash ham muhim. Agar qanday kitob o‘qishni bilmayotgan bo‘lsangiz, o‘qituvchilaringizdan, ota-onaningizdan maslahat so‘rang. Darsliklarda mustaqil o‘qish uchun tavsiya etilgan badiiy kitoblarni topib o‘qishingiz ham mumkin.

2. Yangi narsalarni o‘rganing.

Yangi ko‘nikma va tajribalar xotirani kuchaytirishning eng yaxshi usullaridan biri. Masalan, yangi sport turi bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Sport va jismoniy mehnat faol hayot tarzi demakdir. Qoni yurishib turgan, harakatchan bolaning miyasi ham yaxshi ishlaydi. “Sog‘ tanda sog‘lom aql", deb bekorga aytishmagan.

3. Lug‘at boyligini oshiring.

Yangi so‘zlarni va ularning izohli ma’nolarini o‘rganing. Masalan, ingliz tilidan bilimlaringizni oshiring. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati"ni o‘rganish ham katta foyda beradi. Deylik, badiiy kitob o‘qiyotib ma’nosi tushunarsiz yoki to‘la tushunarli bo‘lmagan so‘zlarga duch keldingiz. Ularning ma’nolarini o‘rganish lug‘at boyligingizni oshiradi, bu esa insho va mustaqil ish yozganingizda juda qo‘l keladi.

4. She’rlar yod oling.

O‘zingiz yoqtirgan she’rlarni yodlab boring. Bu xotirangizni rivojlantirishdan tashqari, sizda boshqa yaxshi xususiyatlar shakllanishiga ham turtki beradi. So‘zni his qilishni o‘rganasiz, yodlagan she’rlaringizni aytib yurish miya uchun mashq bo‘ladi, talaffuzingizni yaxshilaydi. Biror mavzuda fikr aytish zaruriyati tug‘ilganda, zaxirangizdagi she’rlardan unumli foydalanishingiz mumkin.

5. Raqamlarni esda saqlang.

Ota-onangiz, yaqinlaringizning tug‘ilgan sanalari, muhim voqealar, tadbirlarning vaqtini yodingizda tuting.

6. Me’yorida uxlang.

Uyqu vaqtida miya o‘tgan kunni sarhisob qilib, yodda saqlab qolish kerak bo‘lgan narsalarni aniqlaydi. Uyqu jarayonining buzilishi esa, xotirani qayta qurish ishlariga xalal beradi.

7. Eslatmalar yozib qo‘ying.

Dars tayyorlayotganingizda yoki chet tilini o‘rganayotganingizda kerakli so‘zlarni, qoidalarni qayd qog‘ozlariga yozishga odatlaning. Qaydlar qisqa jumlalardan yoki so‘zlardan tashkil topishi kerak. Ularga ko‘zingiz tushganda ular bilan bog‘liq ma’lumotlar kengaygan holda xotirangizda jonlanadi. Bu esa ularni yodda saqlab qolishga ko‘mak beradi.

8. Qismlarga ajratib o‘rganing.

O‘rganayotgan narsangizni qismlarga ajrating. Bir bo‘lagini to‘la o‘zlashtirib bo‘lgandan keyin ikkinchisiga o‘ting. Chunki miya kichik hajmdagi ma’lumotlarni oson eslab qoladi.

9. Chalg‘imang.

Agar yoningizda kompyuter yoki telefon turgan bo‘lsa, chalg‘ishingiz juda oson. Ularga vaqt ajratmagan taqdiringizda ham, ongosti bog‘liqligi saqlanib qoladi. Bir xayolingiz shu narsalarda bo‘ladi.

10. Aqliy mehnat jarayonida tanaffus qilib turing.

Bu juda ahamiyatli. To‘xtovsiz ishlayotgan miya faoliyatining unumliligi borgan sayi kamayaveradi.

11. Shunchaki nafas oling.

Tanaffus paytida ko‘kragingizni to‘ldirib nafas oling. Miyaga yetarli miqdorda kislorod oqimining yetib kelishi xotira kuchayishiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.

Yuqorida tavsiyalarni kuchli xohish va iroda bilan bajarsangizgina foyda beradi. Ishga kirishish uchun yangi hafta boshlanishi yoki ma’lum bir muddat kelishini kutib o‘tirish shart emas. Harakatga hoziroq kirishing. Shunda marra sizniki bo‘ladi.


Manba: Orifjon Madvaliyev

Teglar:

O'xshash xabarlar