Dual ta’limdagi talabaga maosh to‘lagan korxonaga xarajatning 50 foizi qaytariladi
O‘zbekistonda dual ta’limda qatnashadigan korxonalarni rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etiladi. 2027-yil 1-yanvardan ayrim ta’lim sohalarida dual shaklda tahsil olayotgan talabalar uchun korxona to‘lagan ish haqi xarajatlarining 50 foizi subsidiya sifatida qoplanadi.
Yangi tartib Prezidentning 2026-yil 29-sentabrdagi PF–209-son Farmoni bilan belgilangan.
50 foizlik subsidiya quyidagi ta’lim sohalarida dual shaklda tahsil olayotgan talabalar uchun amal qiladi:
-
muhandislik ishi;
-
ishlab chiqarish va ishlov berish;
-
arxitektura va qurilish;
-
qishloq xo‘jaligi.
Subsidiya talabaning o‘ziga to‘lanmaydi. U korxonaning talabaga ish haqi to‘lash uchun qilgan xarajatining yarmini qoplash uchun beriladi.
Mazkur mablag‘ o‘quv yili yakunida subsidiya shaklida qoplab beriladi.
Dual ta’limga jalb qilingan talabalar soniga qarab korxonalarga “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” platformasida qo‘shimcha ballar beriladi.
Shu orqali korxonalarning talabalarni o‘qish davridayoq amaliy ish jarayoniga jalb etishdagi ishtiroki reytingda ham hisobga olinadi.
Korxonalar OTM hududida dual ta’lim uchun amaliyot bazasi tashkil etish maqsadida olib kiradigan:
-
jihozlar;
-
uskunalar;
-
laboratoriya jihozlari
uchun bojxona boji stavkasi 2030-yil 1-yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi.
Bundan tashqari, dual ta’limdagi amaliy mashg‘ulotlar uchun xarid qilingan o‘quv uskunalari va jihozlariga uch yil muddatga tezlashtirilgan amortizatsiya qo‘llash huquqi beriladi.
Mazkur imtiyozlar korxonalarning dual ta’limda ishtirok etishi, talabalarga ish haqi to‘lashi va zamonaviy amaliyot bazalarini yaratishini rag‘batlantirishga qaratilgan.