Tor soha shifokorlarini magistraturada tayyorlash bekor qilinadi
2027/2028-o‘quv yilidan O‘zbekistonda tor soha tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash tizimi o‘zgaradi. Birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi, magistratura orqali tor soha shifokorlarini tayyorlash amaliyoti esa bekor qilinadi.
Yangi tizim Prezidentning tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlashni takomillashtirishga qaratilgan PF–191-son Farmonida belgilangan.
Magistratura endi nimaga yo‘naltiriladi?
Tibbiyotdagi magistratura dasturlarining vazifasi ham o‘zgaradi. Ular asosan:
- ilmiy-pedagogik kadrlar;
- ilmiy yo‘nalishdagi mutaxassislar;
- boshqaruv kadrlarini
tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, magistratura qabul parametrlari qisqartirilishidan oldingi o‘rinlarning 20 foizigacha bo‘lgan qismi magistratura dasturlari uchun saqlab qolinadi.
Turdosh yo‘nalish bitiruvchilari ham magistraturaga kira oladi
Yangi tartibga ko‘ra, muayyan magistratura mutaxassisligi bo‘yicha tayanch diplomga ega bo‘lmagan, biroq turdosh sohada oliy ma’lumot olgan shaxslarni ham magistraturaga qabul qilishga ruxsat beriladi.
Bunday talabgorlar magistraturada faqat ilmiy yo‘nalishda tayyorlanadi.
Nodavlat tashkilotlar ham rezidentura ochishi mumkin
Farmon bilan nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga ham rezidentura dasturlarini tashkil etish imkoniyati beriladi.
Ular tor soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, o‘z mablag‘lari hisobidan rezidentura dasturlarini yo‘lga qo‘yishi mumkin.
Oilaviy tibbiyot rezidentlari qayerda tayyorlanadi?
Oilaviy tibbiyot bo‘yicha rezidentlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot OTMlariga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi.
Rezidentlar poliklinikada bir vaqtning o‘zida:
- ta’lim oladi;
- professor-o‘qituvchilar bilan ishlaydi;
- aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida qatnashadi;
- amaliy ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Asosiy o‘zgarish: 2027/2028-o‘quv yilidan tor soha shifokori bo‘lishning asosiy ta’lim yo‘li magistratura yoki klinik ordinatura emas, rezidentura bo‘ladi.