Oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari lavozimidan olindi

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi va Innovatsion rivojlanish agentligi direktorlari ham lavozimini tark etdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining uchala o‘rinbosari ham ishdan olindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentabr kungi selektorda ma’lum qildi.
Davlat rahbari iste’fo haqida e’lon qilarkan, maktabgacha va maktab ta’limi hamda kasb-hunar va oliy ta’lim tizimlarini o‘zaro taqqosladi.
Xususan, joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida maktab o‘quvchilari 195 ta medalni qo‘lga kiritdi (ularga oshirilgan stavkada jami 10 milliard so‘m, murabbiy o‘qituvchilariga esa 3,5 milliard so‘m pul mukofoti beriladi). Xorijiy til egalari jalb qilingan 1 mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paydi.
“To‘g‘ri, maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘lyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu sababli oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari – birinchi o‘rinbosar Shohrux Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olindi.
Adham Xudoyqulov / Foto: Prezident matbuot xizmati
Shuningdek, prezident farmoni bilan, Prezident administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudoyqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Davlat rahbarining qarori asosida, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev ham lavozimidan ozod etildi – bu iste’fo sababi ma’lum qilinmadi.
Sharof Rajabboyev / Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Prezidentning aytishicha, endilikda maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari hamda hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga o‘tib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilishi shart.