Xorijdan o‘qishni ko‘chirish bu yil qanday tartibda amalga oshiriladi?

Xorijdan o‘qishni ko‘chirish bu yil qanday tartibda amalga oshiriladi?

Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.

Prezidentning 279-son qaroriga muvofiq, xorijdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalarining faqat mos yoki turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishi mumkin.

Bu tartib xorijdagi oliygoh TOP-1000 reytingga kirgan bo‘lsa ham qo‘llaniladi. Ya’ni talaba o‘qishini istalgan yo‘nalishga emas, aynan o‘zi tahsil olayotgan yo‘nalishga mos yoki yaqin yo‘nalishga ko‘chirishi mumkin.

O‘qishni ko‘chirish imtihon asosida amalga oshiriladi. Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy yoki ijodiy imtihonlar hamda majburiy uchta fandan test sinovlari o‘tkaziladi.

Boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa test sinovlari tashkil etiladi. Ushbu jarayon bakalavriatga qabul tartibiga o‘xshash shaklda amalga oshiriladi.

Test sinovlari va kasbiy yoki ijodiy imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15-iyulga qadar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi.

Mazkur o‘tish ballari Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

O‘tish balidan past natija ko‘rsatgan talabalar ham o‘qishini ko‘chirish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lmaydi. Ular bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Muhim jihati, xorijdan o‘qishni ko‘chirishda uzrli sabablar inobatga olinmaydi. Jarayon faqat imtihon natijalari asosida amalga oshiriladi.

Joriy yildan boshlab o‘qishni ko‘chirish imtihonlarida chet tili va umumta’lim fanlaridan milliy hamda xalqaro sertifikatlar ham inobatga olinadi.

Bunday sertifikatlar talabaga maksimal yoki tabaqalashtirilgan ball berilishiga asos bo‘lishi mumkin.

Shu sababli xorijdan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar avvalo yo‘nalish mosligini, belgilangan o‘tish ballarini hamda sertifikatlari bo‘yicha beriladigan imtiyozlarni oldindan tekshirib olishi lozim.

Teglar:

O'xshash xabarlar