Pedagoglar farzandlariga kontraktdan 30 foiz chegirma: kimlarga va qanday beriladi?

Pedagoglar farzandlariga kontraktdan 30 foiz chegirma: kimlarga va qanday beriladi?

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan farzandlariga kontrakt summasidan 30 foiz chegirma beriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, talaba kontraktning 70 foizini o‘zi to‘laydi, qolgan 30 foizi esa davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Imtiyoz davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlariga tatbiq etiladi.

Imtiyoz tegishli normativ hujjat bilan tasdiqlangan pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarda ishlayotgan xodimlarning farzandlari uchun amal qiladi.

Ma’muriy-boshqaruv, texnik va xo‘jalik xodimlari pedagogik lavozimlar ro‘yxatiga kirmaydi.

Chegirma quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlariga;

  • nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga;

  • O‘zbekistondagi xorijiy OTMlar va ularning filiallariga;

  • xorijiy hamkor OTMlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlariga;

  • qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktga.

Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMida kontrakt asosida o‘qiyotgan bo‘lsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llaniladi.

Talaba to‘lov-kontrakt shartnomasini olish uchun kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi.

Tizim talabaning ota yoki onasi pedagog ekanini elektron ma’lumotlar bazalari orqali tekshiradi. Ma’lumot tasdiqlangach, 30 foizlik chegirma avtomatik qo‘llanadi.

Ariza ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Imtiyoz bir o‘quv yili uchun bir marta beriladi.

Agar yillik kontrakt summasi 100 foiz deb olinsa:

  • 30 foizi — davlat tomonidan qoplanadi;

  • 70 foizi — talaba tomonidan to‘lanadi.

Talaba o‘ziga tegishli 70 foizlik summani birdaniga yoki belgilangan muddatlarda bo‘lib to‘lashi mumkin.

Bo‘lib to‘lashda dastlabki to‘liq kontrakt summasidan 25 foiz, keyin yana 25 foiz va yakunda 20 foiz to‘lanib, talabaning jami to‘lovi 70 foizni tashkil etadi.

Pedagog toifasiga mansub ota yoki ona keyinchalik ushbu toifadan chiqarilsa, farzandiga chegirma keyingi o‘quv yilidan boshlab qo‘llanmaydi.

Teglar:

O'xshash xabarlar