1-kurs talabalari yotoqxonaga qachondan ariza topshira oladi?
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilgan birinchi kurs talabalari mandat natijalari e’lon qilingandan so‘ng talabalar turar joyiga ariza topshirishi mumkin.
Davlat OTMlaridagi talabalar turar joylariga joylashtirish tartibiga ko‘ra, yotoqxona uchun arizalar har yili 1-avgustdan o‘quv yili yakuniga qadar qabul qilinadi. Birinchi kurs talabalari uchun esa ariza topshirish imkoniyati talabalikka tavsiya etilganidan keyin paydo bo‘ladi.
Ariza qayerdan topshiriladi?
Talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun ariza:
-
my.gov.uz portali orqali;
-
yoki Davlat xizmatlari markazi orqali
elektron shaklda yuboriladi.
Bunda alohida qog‘oz ariza bilan universitetga borish talab etilmaydi.
“Ma’lumotlar bazasida mavjud emas” xabari chiqsa nima qilish kerak?
Mandat natijasi chiqqach, yangi qabul qilingan talabalar haqidagi ma’lumotlar tegishli axborot tizimlariga bosqichma-bosqich yuklanadi.
Shu sababli talabalikka tavsiya etilgan ayrim birinchi kurs talabasi my.gov.uz orqali ariza yuborishga uringanda “foydalanuvchi ma’lumotlar bazasida mavjud emas” mazmunidagi xabarni ko‘rishi mumkin.
Bu talaba yotoqxonaga ariza bera olmaydi degani emas. Uning ma’lumotlari tizimga hali yuklanmagan bo‘lishi mumkin.
Bunday vaziyatda bir muddat kutib, keyin yana qayta urinib ko‘rish mumkin. Yotoqxona uchun ariza topshirish o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.
Ariza topshirilgach nima bo‘ladi?
Ariza elektron tizim orqali qabul qilingach, talaba:
-
imtiyozli yoki ustuvor ro‘yxatga;
-
yoxud umumiy navbatga
kiritiladi.
Agar talabalar turar joyida bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lsa, talaba uchun elektron yo‘llanma shakllantiriladi. Bo‘sh joy mavjud bo‘lmasa, talabgor navbatga qo‘yiladi.
Yotoqxonaga kimlar ustuvor tartibda joylashtiriladi?
Quyidagi toifadagi talabalar talabalar turar joyiga joylashtirishda ustuvorlikka ega:
-
yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar hamda “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari;
-
Ijtimoiy reyestr, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi tegishli toifadagi talabalar;
-
I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
-
bir oiladan kunduzgi bakalavriatda ikki yoki undan ortiq talaba kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
-
xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘oliblari;
-
“Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” respublika bosqichi g‘oliblari;
-
talabalar o‘rtasidagi “Zakovat” respublika bosqichi g‘oliblari;
-
talabalar turar joyidagi talabalar kengashi raislari va qavat sardorlari.
1-kurslarga qancha o‘rin ajratiladi?
Imtiyozli talabalar joylashtirilganidan keyin qolgan bo‘sh o‘rinlar umumiy navbat bo‘yicha taqsimlanadi.
Bunda:
-
1-kurs talabalariga — 55–65 foiz;
-
2-kurs talabalariga — 15–20 foiz;
-
3-kurs va undan yuqori bosqich talabalariga — 20–25 foiz
o‘rin ajratilishi belgilangan.
Demak, yotoqxonadagi umumiy navbat uchun qolgan o‘rinlarning asosiy qismi birinchi kurs talabalariga yo‘naltiriladi.