11-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul boshlandi
2026/2027-o‘quv yili uchun kamida umumiy o‘rta ma’lumotga, ya’ni 11-sinfni tamomlagan abituriyentlarni kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish boshlandi.
Hujjatlar boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarining kunduzgi, kechki hamda dual ta’lim shakllari bo‘yicha 10-avgustdan 10-sentyabrgacha, shu kuni ham my.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Tibbiyot texnikumlariga qabul qanday bo‘ladi?
Tibbiyot texnikumlarining:
- kechki ta’lim shakli;
- dual ta’lim shakli;
- xalqaro ta’lim dasturlari
bo‘yicha hujjatlar ham 10-sentyabrgacha my.edu.uz orqali qabul qilinadi.
Tibbiyot texnikumlarining kunduzgi ta’lim shaklidagi mahalliy ta’lim dasturlariga kirish tartibi esa boshqacha.
Bunday yo‘nalishlarni tanlamoqchi bo‘lgan abituriyentlar OTMlarga qabul bo‘yicha yakuniy tanlov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun davomida tegishli mutaxassislik va ta’lim tilini tanlab, tanlovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Boshqa texnikumlarga imtihon qanday o‘tkaziladi?
Kamida umumiy o‘rta ma’lumot negizida qabul qiladigan boshqa texnikumlarga kirish sinovlari yozma imtihon shaklida tashkil etiladi.
Jami qancha o‘rin ajratilgan?
2026/2027-o‘quv yili uchun 641 ta texnikumga jami 134 960 ta qabul o‘rni tasdiqlangan.
Shundan 61 550 tasi davlat granti hisoblanadi.
Ta’lim shakllari bo‘yicha:
- kunduzgi ta’lim — 87 700 ta o‘rin, shundan 39 390 tasi grant;
- kechki ta’lim — 4 440 ta o‘rin;
- dual ta’lim — 42 820 ta o‘rin, shundan 22 160 tasi grant.
Texnikumlarning to‘liq ro‘yxati bilan kasbedu.uz sayti orqali tanishish mumkin.