2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga kirish testlarida 234 mingga yaqin abituriyent minimal 56,7 ballni ham to‘play olmadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga kirish testlarida 233 935 nafar abituriyent 56,7 balldan past natija qayd etdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu test topshirgan abituriyentlarning 37,54 foizini tashkil etadi.
Minimal ballni to‘play olmaganlar ulushi kamaymoqda
OTMga qabulda to‘lov-kontrakt uchun minimal chegara maksimal 189 ballning 30 foizi — 56,7 ball etib belgilangan.
So‘nggi yillarda ushbu natijaga ham yeta olmagan talabgorlar ulushi pasayib bormoqda:
-
2023/2024-o‘quv yilida — 46 foiz;
-
2024/2025-o‘quv yilida — 43 foiz;
-
2025/2026-o‘quv yilida — 41 foiz;
-
2026/2027-o‘quv yilida — 37,54 foiz.
Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov bu holatni abituriyentlarning bilim darajasi va test natijalari yaxshilanayotgani bilan izohlagan.
Abituriyentlar soni ham kamaymoqda
Shu bilan birga, davlat OTMlariga hujjat topshirayotgan talabgorlar sonida ham pasayish kuzatilmoqda.
2026-yilda bakalavriatga kirish uchun 677,9 ming nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Oldingi yillardagi ko‘rsatkichlar:
-
2019-yil — 1 066 925 nafar;
-
2020-yil — 1 484 085 nafar;
-
2021-yil — 948 211 nafar;
-
2022-yil — 1 214 232 nafar;
-
2023-yil — 1 018 007 nafar;
-
2024-yil — 894 279 nafar;
-
2025-yil — 732 411 nafar;
-
2026-yil — 677,9 ming nafar.
Shunday qilib, 2026-yilda ro‘yxatdan o‘tganlar soni 2023-yilga nisbatan qariyb 340 ming nafarga yoki 33 foizga kamaygan.
Abituriyentlar sonining qisqarishiga sirtqi ta’lim shakliga qabulning to‘xtatilishi ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
O‘rtacha o‘tish ballari oshgan
2026/2027-o‘quv yilida davlat granti bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil etdi.
O‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkichlar:
-
grant bo‘yicha — 121,8 ball;
-
kontrakt bo‘yicha — 84,9 ball
bo‘lgan.
Demak, minimal chegaradan past natija ko‘rsatganlar ulushi kamaygan bir paytda, grant va kontrakt bo‘yicha o‘rtacha o‘tish ballari sezilarli oshgan.