Bog‘cha tarbiyachilari ishidan ajralmagan holda bakalavr darajasini olishi mumkin bo‘ladi

O‘rta maxsus ma’lumotga ega tarbiyachilar uchun pedagogika oliygohlarida bakalavriatning alohida shakli joriy etiladi: tarbiyachi haftada 1 kun o‘qib, 5 kun ishlaydi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish uchun sharoitlar qilib berilyapti, lekin endi bog‘chalarga yangi nafas, yangi metodika kirib borishi kerak, tarbiyachilarning salohiyati ham shunga yarasha bo‘lishi zarur. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentabr kuni ta’lim sohasi bo‘yicha selektorda aytib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, bu yil yozda 118 ming tarbiyachining malakasi oshirilgan, lekin bu yetarli emas.
Yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun “1+5” (1 kun o‘qish, 5 kun ish) bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib keladi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xususiy bog‘cha bilan davlat bog‘chasi uchun ta’lim-tarbiya sifati bo‘yicha yagona yondashuv yo‘q.
Shu munosabat bilan kelgusi yilda har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilari pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi tayanch “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi.
Mutasaddilarga “Yangi avlod” bog‘chasi loyihasini eski va bir xil yondashuvlardan chekinib, yangicha ishlab chiqish topshirildi.