IIV akademiyasi magistraturaga oʻqishga kirish tartiblari

IIV akademiyasi magistraturaga oʻqishga kirish tartiblari

IIV Akademiyasi magistraturasi ichki ishlar organlarida rahbarlik va ilmiy-pedagogik salohiyatni kuchaytirishga qaratilgan uchta yo‘nalish bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi:

  • “tashkiliy-strategik boshqaruv”;
  • “tashkiliy-taktik boshqaruv”;
  • “ilmiy-pedagogik faoliyat”.

Bu dasturga kirish jarayoni aniq muddatlar, lavozim va maxsus unvon talablariga tayanadi.

IIV Akademiyasi magistraturasiga kirishni istagan nomzodlarning hujjatlari joriy yilning 1-aprelidan 1-iyuniga qadar magistr.akadmvd.uz orqali onlayn qabul qilinadi.

Magistraturaning “TASHKILIY-STRATEGIK BOSHQARUV” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar bakalavr darajasi yoki diplomli mutaxassis malakasi hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi diplomiga tenglashtirilgan (muqaddam faoliyat ko‘rsatgan magistratura, Oliy akademik kurslar hamda Rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetini tamomlagan) diplom, shuningdek, “podpolkovnik” maxsus unvoniga ega bo‘lishi lozim.

“Tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisligiga oxirgi bir yil davomida quyidagi lavozimlardan birini egallab kelayotgan nomzodlarning hujjatlari qabul qilinadi:

  • IIV markaziy apparati hamda vazirlikka bevosita bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha – bo‘lim boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBBlari, viloyatlar IIBlari apparatlari bo‘yicha – boshqarma boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar

  • tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) bo‘yicha – ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi) boshliqlari

  • Jazoni ijro etish muassasalari boshliqlari

Magistraturaning “TASHKILIY-TAKTIK BOSHQARUV” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar bakalavr darajasi yoki diplomli mutaxassis malakasi, shuningdek, “mayor” maxsus unvoniga ega bo‘lishi kerak.

“Tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligiga oxirgi bir yil davomida quyidagi lavozimlardan birini egallab kelayotgan nomzodlarning hujjatlari qabul qilinadi:

  • Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati va vazirlikka bevosita bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha – bosh mutaxassis, muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektor, yetakchi yuriskonsult, bosh ekspert, o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi (tezkor vakil), bosh inspektor, ularga tenglashtirilgan va ulardan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBBlari, viloyatlar IIBlarining apparatlari bo‘yicha – bo‘linma boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar

  • tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) bo‘yicha – tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘ining o‘rinbosarlari lavozimidagi xodimlar

  • jazoni ijro etish muassasalari bo‘yicha – bo‘lim boshlig‘i, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar

Magistraturaning “ILMIY-PEDAGOGIK FAOLIYAT” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar tayanch oliy yuridik ma’lumot, shuningdek, ikki yillik amaliy xizmat stajiga ega bo‘lishi kerak.

Akademiyaning bakalavriat ta’lim yo‘nalishini imtiyozli diplom bilan tamomlagan bitiruvchilar “ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisligiga istisno tariqasida tanlovlarsiz o‘qishga qabul qilinadi.

Magistraturada o‘qish istagidagi nomzodlarning hujjatlari elektron tartibda qabul qilinadi. Bunda nomzod magistr.akadmvd.uz manziliga zarur ma’lumotlarni kiritadi.

Tanlov tadbirlari:

  • hujjatlarni to‘plash va o‘rganish

  • maxsus kasbiy tanlov (yozma ish hamda nomzodlarning kompetensiyalarini diagnostika qilish)

  • yakuniy suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi

ASOS: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.08.2023 yildagi PQ-282-son qarori.

Teglar:

O'xshash xabarlar