Ikkinchi mutaxassislik uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi

Ikkinchi mutaxassislik uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi

Bugundan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha onlayn arizalar qabuli boshlandi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oliy ma’lumotga ega shaxslar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish uchun to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi mumkin.

Arizalar 10-avgustgacha my.edu.uz platformasi orqali onlayn shaklda qabul qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida nomzodlar pasport ma’lumotlari va JShShIR ma’lumotlarini kiritadi. Shuningdek, diplom va uning ilovasining elektron nusxasini tizimga yuklaydi.

Bundan tashqari, nomzod o‘qish istagini bildirgan oliy ta’lim tashkiloti hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlaydi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari har bir oliy ta’lim tashkiloti tomonidan mustaqil belgilanadi.

Bunda oliy ta’lim tashkilotining ilmiy-pedagogik salohiyati, moddiy-texnik bazasi va mavjud imkoniyatlari hisobga olinadi. Yakuniy qabul parametrlari oliy ta’lim tashkiloti Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Ma’lumot uchun, ikkinchi oliy ta’lim bo‘yicha o‘qitish to‘liq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Nomzodlarga ariza topshirishdan oldin diplom ma’lumotlari, tanlayotgan oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va to‘lov shartlarini diqqat bilan tekshirib olish tavsiya etiladi.

Teglar:

O'xshash xabarlar