“Muhandis qizlar” stipendiyasi ta’sis etiladi

“Muhandis qizlar” stipendiyasi ta’sis etiladi

O‘zbekistonda texnologik ta’limni rivojlantirish va yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish maqsadida yangi stipendiyalar hamda qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, IT, sun’iy intellekt va muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun bir qator yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Jumladan, IT va sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qiyotgan 3-kurs talabalari o‘qishini IT Park’da dual ta’lim asosida davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Bu tizim talabalarga nazariy bilim bilan birga real ish muhiti, amaliy loyiha va sanoat tajribasini birlashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, texnologik yo‘nalishlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun “Muhammad al-Xorazmiy” nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi.

Bundan tashqari, muhandislik, IT va sun’iy intellekt sohalarida o‘qiyotgan qizlar uchun “Muhandis qizlar” stipendiyasi ta’sis etiladi.

Mazkur stipendiya qizlarning texnologiya, muhandislik va raqamli sohalardagi faolligini oshirish, ularni ilmiy-amaliy loyihalarga kengroq jalb etishga xizmat qiladi.

Muhim jihati, ushbu stipendiyalar faqat davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun emas, balki xususiy oliygohlar talabalariga ham beriladi.

Shuningdek, xalqaro olimpiada g‘oliblari uchun rag‘batlantirish tizimi ham kengaytirilmoqda. Endilikda kimyo, biologiya, fizika, matematika va informatika fanlari bilan bir qatorda sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblari ham davlat tomonidan mukofotlanadi.

Bunda g‘olib o‘quvchilarga 1 milliard so‘m, ularning ustozlariga esa 200 million so‘m mukofot berilishi belgilangan.

Mazkur tashabbuslar yoshlarning IT, sun’iy intellekt, muhandislik va aniq fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, texnologik sohalarda malakali kadrlar tayyorlash hamda qizlarning ushbu yo‘nalishlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

Yangi stipendiyalar va imtiyozlar kelajak texnologiyalari sohasida o‘z o‘rnini topmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun muhim imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi.

Teglar:

O'xshash xabarlar