Oliy ta’limda milliy tadqiqot universitetlari tashkil etiladi
O‘zbekistonda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoniga muvofiq, “U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi joriy etilib, 10 ta oliy ta’lim muassasasiga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi.
Prezidentning “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, mamlakatda oliy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator muhim yangiliklar belgilandi.
Jumladan, “U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi doirasida davlat ilmiy dasturlari asosida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi. Bu maqom ularning ilmiy salohiyatini oshirish va xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Unga muvofiq, oliygohlar faoliyati samaradorligiga qarab toifalarga ajratiladi.
Milliy reyting natijalariga ko‘ra, har bir toifa guruhiga mansub oliy ta’lim tashkilotlarining 20 foizi birinchi darajaga, 40 foizdan ikkinchi va uchinchi darajalarga kiritiladi.
Shu bilan birga, 2027 yildan davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarni o‘qitish xarajatlarini hisoblashning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda professor-o‘qituvchilarga to‘g‘ri keladigan talabalar soni, ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, moddiy-texnik baza, ustuvor sohalarga moslik hamda oliy ta’lim muassasasining ilmiy yo‘naltirilganligi kabi omillar inobatga olinadi.
Mazkur o‘zgarishlar oliy ta’lim tizimining sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.