Oliygoh bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlarga soliq imtiyozi beriladi

Oliygoh bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlarga soliq imtiyozi beriladi

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun yangi soliq imtiyozi joriy etilishi belgilandi.

Prezident rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliygoh bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, yosh mutaxassislarni mehnat bozoriga tezroq moslashtirish va tadbirkorlarni bu jarayonga faol jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, oliygoh bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlar uchun yosh mutaxassislar bo‘yicha daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bir yil davomida 1 foiz etib belgilanadi.

Mazkur imtiyoz tadbirkorlar uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lishi kutilmoqda. Ayniqsa, bu choralar 200 mingga yaqin oliygoh bitiruvchisining ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada kuchaytirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, hozirda ijtimoiy reyestrga kirmagan, biroq alohida qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar soni ham yuqori.

Bular orasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmatdan qaytgan, migratsiyadan kelgan, jazoni o‘tab qaytgan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar bor. Ularning umumiy soni 1 million nafarga yaqin ekani ta’kidlandi.

Bunday yoshlar bilan ishlash uchun “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etiladi.

Ushbu paket orqali yoshlarni kasbga, ta’limga va bandlikka yo‘naltirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishga tushiriladi.

Shuningdek, “ustoz-talaba” dasturi asosida uyushmagan yoshlarni o‘qitib, ularning oliygohga kirishiga ko‘maklashgan talabalar ham rag‘batlantiriladi.

Bunday talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball berilishi, davlat stipendiyalarini olishda esa ustuvorlik taqdim etilishi nazarda tutilmoqda.

Mazkur tashabbuslar yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlarni bitiruvchilarni ishga olishga qiziqtirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning ta’lim hamda mehnat bozoriga kirib kelishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Teglar:

O'xshash xabarlar